Toshkent xalqaro aeroportida Dubaydan kelgan yoʻlovchining yukidan deklaratsiyada koʻrsatilmagan, qiymati 1,293 mlrd soʻmlik zargarlik buyumlari va oltin quymalari aniqlandi. Bu haqda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.
Bojxona nazorati vaqtida fuqaroning yuki orasidan sof ogʻirligi 921,37 gramm boʻlgan 141 dona zargarlik buyumi hamda uchta oltin quymasi topilgan.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, aniqlangan zargarlik buyumlari va oltin quymalarining umumiy qiymati 1 mlrd 293 mln soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, yuklar orasidan aksiz markalari boʻlmagan 120 quti tamaki va 90 dona nikotinli snyus mahsuloti ham aniqlangan.


Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


















