Prezident Şavkat Mirziyoyev Andijon tumanida kiçik gidroelektr stansiyalari uçun zarur uskunalar işlab çiqariş böyiça amalga oşirilayotgan loyiha bilan tanişdi.
Davlat rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektr stansiyalari tarmoğini rivojlantirişga doir qarori bu borada muhim asos böldi. Uning ijrosi doirasida «Andijon Jinlun yangi energiya» korxonasi taşkil etilmoqda.
Toğli va suv resurslariga boy Markaziy Osiyo davlatlarida bunday uskunalarga talab yuqori. Biroq şu paytgaça mintaqada ularni sanoat miqyosida işlab çiqaradigan ixtisoslaşgan korxonalar yetarli emas edi. Yangi loyiha ana şu ehtiyojni qoplaşga qaratilgan.
Andijon viloyatidagi mavjud suv manbalari “yaşil” energetikani rivojlantiriş uçun katta imkoniyat yaratadi. Xususan, Katta Farğona kanalining barqaror suv oqimi mikro va kiçik GESlar quriş uçun qulay hisoblanadi.
Töliq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oşirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 20 million dollarni taşkil etadi. Korxona 2027-yilda töliq quvvat bilan işga tuşiriladi. Şundan söng bu yerda yiliga 70 milliard sömlik 100 ta kiçik GES majmuasi, şuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgoh va elektr jihozlari işlab çiqariladi.
Bugungi kunda dunyoda ekologik toza va qayta tiklanuvçi energiya manbalariga talab ortib bormoqda. Bu jihatdan kiçik va mikro GESlar samarali yeçimlardan biri hisoblanadi. Ular atrof-muhitga taʼsiri kamligi, qisqa muddatda barpo etilişi va barqaror elektr energiyasi işlab çiqarişi bilan ahamiyatlidir.

Loyiha doirasida 200 ta yangi iş örni yaratiladi. Mahsulotlarni Qozoğiston, Qirğiziston va Tojikistonga eksport qiliş, yillik eksport hajmini 3 million dollarga yetkaziş rejalaştirilgan.













