VGTRK muxbiri Valentin Bogdanov Nyu Yorkda boʻlib oʻtayotgan BMT Bosh assambleyasi doirasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan qachon Moskvaga tashrif buyurishi haqida soʻradi. Kremldagilar Rossiya va Ukraina prezidentlari oʻrtasidagi uchrashuvni faqat Moskvada oʻtkazish mumkinligini aytib kelishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga koʻra, rossiyalik propagandachi Zelenskiy koʻchada boshqa jurnalistlar bilan ingliz tilida gaplashib ketayotganida ortdan yetib borgan. Bogdanov unga rus tilida bir necha marta shu jumlalarni aytib baqirgan: «Vladimir Aleksandrovich, Moskvaga qachon?»
Ukraina prezidenti avvaliga uning savolini eʼtiborsiz qoldirgan, ammo yakunda qisqacha qilib shunday degan: «Raketada», katta ehtimol bilan, qoʻshimchasiga soʻkinib ham qoʻygan (videoda oxirgi soʻzni tushunib boʻlmaydi).
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda Ukraina rahbarining bayonotiga quyidagicha izoh berdi: «Birinchidan, Zelenskiy Moskvaga kelishdan bosh tortmagan, har holda bunday soʻzni eshitmadim. U hozir Nyu Yorkda BMT Bosh assambleyasi doirasida koʻplab bayonotlar bermoqda. Oʻt ochishni toʻxtatish masalasiga kelsak, yana bir bor takrorlaymiz – biz vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilish jarayoni uchun ochiqmiz, ammo vaqtinchalik sulhga emas, aynan tinchlikka intilish kerak deb hisoblaymiz. Bizning bu pozitsiyamizda hech qanday oʻzgarish yoʻq».


















