Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 9-tur uchrashuvlari Oʻzbekiston vakillari uchun omadli kechdi.
Oʻzbekiston erkaklar asosiy jamoasi oʻtgan turda Germaniyadan uchralgan magʻlubiyatdan keyin oʻziga keldi va turnir favoritlaridan biri boʻlgan AQSH ustidan gʻalabaga erishdi.
Dastlab 4-doskada dona surgan Muhiddin Madaminov kuchli raqib Levon Aroyan bilan durang oʻynadi (u oʻtgan turda yutqazib qoʻygan Shamsiddin Vohidov oʻrnini egallagandi).
Shundan keyin Nodirbek Abdusattorov jahon reytingida uchinchi oʻrinda turuvchi Fabiano Kuruanani taslim boʻlishga majbur etdi.
Ammo Javohir Sindarov yana bir nomdor shaxmatchi Uesli So bilan oʻyinda qiyin vaziyatga tushib qoldi va yakunda bu vaziyatdan chiqib keta olmadi va umumiy hisob tenglashdi: 1,5-1,5.
Shundan keyin oʻzbekistonlik shaxmat ishqibozlar bor eʼtiborini Nodirbek Yoqubboyevning oʻyiniga qaratishdi. Oʻtgan turda yutqazib qoʻygan ushbu shaxmatchi esa bu safar ishonchni oqladi va Hans Nimannga qarshi kechgan oʻta qiyin bahsda gʻalabani oʻz tomoniga ogʻdira oldi va yakuniy hisob quyidagicha koʻrinish oldi: 2,5-1,5.
Endi Oʻzbekiston asosiy jamoasi 9 turdan keyin 16 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamligini davom ettirmoqda.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston-2 jamoasi ham bu turni ishonchli oʻtkazdi.
Ushbu jamoa oʻtgan turda Angliya ustidan gʻalaba qozonib (2,5-1,5), kuchli oʻnlikka kirib olgandi.
Tur oldidan 13 ochko bilan 4-oʻrinda turgan Niderlandiyaga qarshi kechgan bahsda ham ushbu jamoa yaqqol ustunlik qilib, gʻalabaga erishdi.
Oʻzbekiston-2 – Niderlandiya 3,5:0,5
Muhammadzohid Suyarov – Loek van Veli 1:0
Jahongir Vohidov – Anish Giri 1:0
Ortiq Nigʻmatov – Ervin LʼAmini 1:0


















