Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan Isroil poytaxti Tel-Avivga uchgan yoʻlovchi samolyoti bortida favqulodda holat roʻy berdi.

Bortida 174 yoʻlovchi, jumladan, 27 nafar bola boʻlgan ushbu samolyot Iordaniya osmonida harakatlanayotganida yerga qoʻlga olishga urinish haqida signal yuborilgan. Isroil hukumati samolyot uchuvchilari bilan bogʻlana olmagan va qiruvchi samolyotlarini havoga koʻtargan.

Keyinroq samolyot uchuvchilari oʻzaro mushtlashib ketgani, ikkinchi uchuvchi samolyot boshqaruvini qoʻlga olish uchun kema komandiriga hujum qilgani maʼlum boʻldi. Uchuvchilar kabinasidagi shovqindan keyin yoʻlovchilar kabinaga bostirib kirishgan va ikkinchi uchuvchini zararsizlantirishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda samolyot bortidan olingan kadrlar tarqalmoqda. Suratlardan birida hujum qilgan uchuvchini zararsizlantirgan yoʻlovchilardan birining kiyimlari qonga belanganini koʻrish mumkin.

Manbalarga koʻra, bortda komandirovkaga ketayotgan va fuqarolik kiyimidagi uchuvchilar boʻlishgan. Aynan ular samolyot boshqaruvini qoʻlga olib, uni Saudiya Arabistonining Tobuk shahriga qoʻndirishgan.

Birinchi uchuvchi hushsiz holda shifoxonaga olib ketilgan. Ikkinchi uchuvchi soʻroq qilinmoqda. Isroil yoʻlovchilarni Tel-Avivga olib ketish uchun boshqa samolyot yuborgan.

Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda uchuvchilardan biri Rossiya, ikkinchisi Ukraina fuqarosi ekani haqidagi xabar tarqalgandi. Ammo koʻp oʻtmay Isroildagi nashrlar bu maʼlumotni rad etib chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, BAA fuqarosi hisoblangan asosiy uchuvchiga hujum qilgan uchuvchi Oʻmon fuqarosi boʻlgan. Uning motivi hozircha aniq emas.

Isroil hukumati terakt versiyasini koʻrib chiqmoqda. Shuningdek, ikkinchi uchuvchi samolyotni qulatish orqali oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgani taxmin qilinmoqda.