Kun tartibi endi boshlanayotgan erta tong. Toshkentning Qorasuv mavzesida joylashgan 105-sonli maxsus maktab-internat hovlisi sekin-asta gavjumlashadi. Bu maskan oddiy maktablardan farq qiladi: bu yer alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan, aqliy rivojlanishida yengil va oʻrta darajadagi nuqsoni bor bolajonlarga mehr ulashiladigan, ularni hayotga moslashtiradigan muassasadir.

Ertalabki soat 8:30. Maktab tarbiyachisi Zulfiya opa bolalarni yetaklab kelib, ularni boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Nargiza opa Hayitoxunovaga topshiradi. Shu taxlit har kuni darslar boshlanadi, darsdan keyin esa internatda qoladigan bolajonlar tarbiyachilar nazoratida uy vazifalarini bajarib, qoʻshimcha mashgʻulotlar bilan mashgʻul boʻlishadi.

11

Birinchi qadam: Doska qarshisidagi sabr sabogʻi

Sinfga qadam qoʻyishingiz bilan oʻzgacha bir muhitni his qilasiz. Bugungi saboq - “Ona tili”. Ustoz unli va undosh tovushlarni, lotin alifbosidagi harflarni shunchaki tushuntirmaydi, balki har bir bolaga alohida yondashib, uning qoʻlidan tutadi. Aqliy rivojlanishi sekinlashgan bolalarga bilim berish oddiy metodika bilan bitmaydi. Bu yerda asosiy qurol - cheksiz sabr va samimiyat. Bolalarning xarxashasi, eʼtiborsizligi yoki oʻzgacha feʼl-atvoriga Nargiza opa biror marta baqirmaydi, koyimaydi.

Ota-onalarning eʼtirof etishicha, bola hech qachon aldamaydi. Baqirgan insondan oʻzini olib qochadigan murgʻak qalblar Nargiza opani koʻrganda yugurib kelib quchoqlaydi.

“Oʻtgan oʻquv yilida birinchi sinfga kelishganida ancha qiyin boʻlgan edi. Bogʻchadan kelgan bola erkin boʻladi - xohlasa oʻynaydi, xohlasa oʻtiradi. Maktabda esa har bir oʻquvchining oʻz joyi va oʻquv quroli bor. Har bir farzand oʻz oilasida eng aziz. Ota-onalar kelib, farzandlaridagi kichik boʻlsa-da yutuqni koʻrib quvonganda mehnatimiz besamar ketmaganini his qilaman”, - deydi ustoz yuzida tabassum bilan.

Nargiza opa shunchaki pedagog emas, u defektolog, logoped va 2-sinflar uchun moʻljallangan maxsus “Ona tili” darsligining hammuallifi hamdir. 36 yillik tajriba har bir sahifaga, har bir metodikaga muhrlangan.

Moʻʼjiza kabi roʻyobga chiqqan umidlar pedagoglik faoliyati davomida Nargiza opa 15 yil davomida tibbiy-pedagogik komissiyada ham mehnat qilgan. Turli ogʻir tashxisli bolalarni koʻrib, insonning har bir sogʻlom aʼzosi uchun shukronalik hissini tuyganini yashirmaydi. Hatto uyda taʼlim oladigan (nadomnik), ogʻir gidrotsefaliya bilan ogʻrigan, harakatlanish va nutq imkoniyatidan mahrum boʻlgan Ibrohim ismli bolajonning taqdiri bu sabrning yorqin isbotidir.

Shifokorlar va mutaxassislar “oʻqitib boʻlmaydi” deb xulosa bergan boʻlsa-da, ustoz va fidoyi onaning qatʼiyati sabab 4 yil davomida moʻʼjiza yuz berdi. Bola ruchkani ushlashni, rasmlardan hayvonlarni tanishni va hatto ovoz chiqarib munosabat bildirishni oʻrgandi.

“19 yoshimda ish boshlagan boʻlsam, hozir 55 yoshdaman. Agar yana oʻsha 19 yoshimga qaytsam ham, baribir shu kasbni tanlagan boʻlardim. Bu bolalar mening hayotim, borligʻim”, - deydi Nargiza opa.

Toʻrt avlodni birlashtirgan muqaddas dargoh: Xonadondan reportaj

Maktabdagi dars jarayonlaridan soʻng reportajimizning ikkinchi qismi ustozning xonadonida davom etdi. Ajablanarlisi, Nargiza opa yashaydigan koʻp qavatli uyning deyarli barcha qoʻshnilari ham oʻqituvchilar. Biroq eng katta moʻʼjiza bu xonadonning ichida yashiringan edi. Bu oila - toʻrt avloddan beri oʻqituvchilik sharafini yelkasida koʻtarib kelayotgan haqiqiy pedagoglar sulolasi!

Sulola boshi Anora onaning 56 yillik fidoyiligi bugun 81 yoshni qarshilagan Naziraxon opa Shamsiyevada davom etgan. Naziraxon opa 40 yil davomida maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlagan va oʻz qizi Nargizaning ham birinchi ustoziga aylangan. Bugun esa Nargiza opaning qizlari - sulolaning toʻrtinchi avlodi ham shu qutlugʻ kasb etagini tutgan.

(Rasm joyi: Shamsiyevlar oilasi - toʻrt avlod vakillari bir dasturxon atrofida)

Dasturxon atrofida samimiy suhbat boshlanadi. Onalik va ustozlik masʼuliyatini teng olib borgan, vaqtida turmush oʻrtogʻining maʼnaviy qoʻllab-quvvatlovi bilan farzandlarini el qatorida voyaga yetkazgan ayollarning xotiralari har qanday insonni toʻlqinlantiradi.

Oshxonada palov damlanar ekan, Nargiza opa ayol kishining hayotida ishxona va roʻzgʻor masʼuliyati teng ekanini taʼkidlaydi:

“Ishda ustozmiz, uyda esa onamiz. Ikkala masʼuliyat ham bir xil ogʻir. Ishxonada ota-onalar ishonib topshirgan farzandlar uchun masʼul boʻlsak, uyda oʻz farzandlarimiz kelajagi uchun javobgarsiz. Qizlarim bilan har kuni maktab tajribalarini, yangi metodikalarni muhokama qilamiz. Biz bir-birimizga ham ustoz, ham shogirdlarmiz”.

Xonadondagi nabira Robiyaxonning sodda va mehrli gaplari esa bu oiladagi tarbiya zanjiri uzilmaganidan dalolat beradi:

“Buvijonim eng yaxshi buvijon. Ular oʻz bilimlarini boshqa bolalarga ulashib kelmoqda, men ularni juda yaxshi koʻraman!”

Xulosa oʻrnida

Insoniyatga bilim berish - eng oliy neʼmat. Lekin mehrga, alohida eʼtiborga muhtoj murgʻak qalblarga hayot nurini ulashish - chinakam jasorat va qahramonlikdir.

105-sonli maxsus maktab-internatda har kuni ana shunday sukutdagi jasoratlar sodir boʻladi. Nargiza opa va u kabi yuzlab fidoyi ustozlarning mehnati evaziga jamiyatdan uzilib qolishi mumkin boʻlgan bolajonlar hayotga qaytmoqda, “Ona” degan muqaddas soʻzni yozishni va aytishni oʻrganmoqda.

Mehr bor joyda esa har doim moʻʼjizalar yuz beradi.