Jahon intellektual mulk tashkiloti - WIPO tuzgan reytingda 139 ta mamlakat va iqtisodiyot 79 ta koʻrsatkich boʻyicha baholangan. Visual Capitalist ushbu maʼlumotlar asosida infografika tayyorlagan.
Shveysariya 66,7 ball bilan yetakchi boʻlgan. Shvetsiya 63,2 ball, AQSH esa 62,3 ball toʻplagan. Janubiy Koreya toʻrtinchi, Singapur beshinchi oʻrinni egallagan.
Indeks innovatsion salohiyatning besh yoʻnalishini baholaydi: institutlar sifati, inson kapitali va ilmiy tadqiqotlar, infratuzilma, bozorning rivojlanganligi hamda biznesning rivojlanish darajasi. Yana ikki guruh koʻrsatkich bilim va texnologiyalar sohasidagi yutuqlar hamda ijodiy natijalarni aks ettiradi.
Yevropa mamlakatlari birinchi 25 talikdagi 14 ta oʻrinni, yetakchi oʻntalikda esa oltita pogʻonani egallagan. Ularning barchasi yuqori daromadli iqtisodiyotlar toifasiga kiradi.
Yevrokomissiyaning 2026-yilgi Yevropa innovatsiyalar tablosiga koʻra, YeIning innovatsion koʻrsatkichlari 2019-yildan buyon oʻsib kelmoqda. Biroq WIPO Yevropa oldida ilmiy yutuqlar va sanoat salohiyatini tez oʻsuvchi kompaniyalarga aylantirish vazifasi turganini taʼkidlagan.
Biznesni kengaytirish uchun mablagʻ topish, mehnat unumdorligini oshirish va raqamli koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash ham muhim masalalar boʻlib qolmoqda. Sunʼiy intellekt kabi texnologiyalar kengaygani sari malakali kadrlarga ehtiyoj yanada ortmoqda.
Osiyodagi yetakchilar turli natijalarni namoyish etgan. Xitoy umumiy reytingda 57 ball bilan oʻninchi oʻrinda turgan boʻlsa-da, innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan resurslar boʻyicha 22-oʻrinni, innovatsion natijalar boʻyicha esa beshinchi oʻrinni egallagan.
Bu farq Xitoyning innovatsion natijalar boʻyicha mavqei resurslar koʻrsatkichlaridagi oʻrnidan ancha yuqori ekanini koʻrsatadi.
Hindiston, Vetnam, Filippin va Indoneziya ham sezilarli oʻsish qayd etgan. Oʻrta daromadli ushbu mamlakatlar 2013-yildan buyon reytingdagi oʻrinlarini ancha yaxshilagan.
Birlashgan Arab Amirliklari esa 25-oʻrinni egallab, ilk bor yetakchi 25 talikka kirgan. Saudiya Arabistoni, Qatar va Kuvayt ham 2026-yilda oʻz mavqeini yaxshilagan.
Fors koʻrfazidagi bu davlatlar uchun asosiy vazifalardan biri - katta investitsiyalar, rivojlangan infratuzilma va davlat institutlari imkoniyatlarini aniq ilmiy-texnik hamda ijodiy natijalarga aylantirishdir.










