«5 daqiqa»ning navbatdagi sonida Sharl Lui Monteskening «Qonunlar ruhi haqida» deb nomlangan kitobini sharhlashni niyat qildik.

Monteske bu asarda faylasuf, huquqshunos va siyosiy mutafakkir sifatida davlat, jamiyat, qonun va inson erkinligi haqida mulohaza qiladi. Ushbu qimmatli kitob oʻzbek tiliga siyosatshunos Hamid Sodiq tomonidan tarjima qilindi.

Kitobdan odatdagi qahramonlar, keskin burilishlar va sirli voqealarni izlamang. Bu yerda bosh qahramon – hokimiyat, asosiy toʻqnashuv esa erkinlik bilan mutlaq vakolat oʻrtasida kechadi.

Asarda hokimiyatni cheklash haqida soʻz boradi. Monteske inson tabiatini yaxshi bilgan mutafakkir sifatida bir xavfga eʼtibor qaratadi: hokimiyat qoʻlidagi vakolat cheksiz boʻlsa, uni suiisteʼmol qilish ehtimoli ham ortadi. Shuning uchun jamiyat erkinligi faqat rahbarning yaxshi inson ekaniga bogʻliq boʻlmasligi lozim. Hokimiyatni nazorat qiladigan, uning oʻzboshimchaligini cheklaydigan tizim ham ishlashi kerak.

Monteskega koʻra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bir qoʻlda jamlansa, haqiqiy dahshat boshlanadi. Erkinlik xavf ostida qoladi. Chunki bunday vaziyatda hokimiyatning oʻzini nazorat qilish imkoniyati deyarli yoʻqqa chiqadi. Tizim yoki shaxs oʻzini tiyib turishi, faoliyatiga tanqidiy koʻz bilan qarashi doim ham oson emas.

Oddiyroq aytganda, imtihon savollarini tuzgan odamning oʻzi javoblarni tekshirib, oʻziga baho qoʻysa, natijaga qanchalik ishongan boʻlardingiz? Albatta, bu davlat boshqaruvi bilan bir xil emas, ammo vakolatlarni ajratish nima uchun kerakligini tushunishga yordam beradigan kichik misol.

Muallif inson oʻz huquqlariga ishonib yashashi, qonun bilan himoyalanishi va hokimiyatning oʻzboshimchaligidan qoʻrqmasligiga urgʻu beradi. Qonun fuqaroni cheklash vositasigina boʻlmasdan, uni himoya qilish kafolatini ham taʼminlashi lozim.

Biroq hamma narsada hokimiyatni ayblashga shoshilmang. Monteske faqat hokimiyat haqida yozmaydi. U nima uchun turli mamlakatlarda qonunlar bir-biridan farq qilishini ham tushunishga harakat qiladi. Uning fikricha, qonunlar tarix, urf-odatlar, iqtisodiy sharoit, din, turmush tarzi va boshqa omillar bilan bogʻliq. Demak, bir mamlakatda ish bergan qoida boshqasida xuddi shunday natija bermasligi mumkin. Qonunni esa jamiyatdan uzib olib oʻrganib boʻlmaydi.

Bugun ham qonunlar qabul qilinyapti. Yangi qarorlar chiqadi. Turli idoralar oʻz vakolatlarini amalga oshiradi. Ammo har qanday jamiyat uchun muhim savollar oʻzgarmay qolaveradi. Yaʼni qonun oldida hamma tengmi? Fuqaroning huquqlari buzilsa, u kimdan himoya izlaydi? Hokimiyat oʻz xatosini tan olishiga va uni tuzatishiga qanday sharoit yaratilgan? Sud haqiqatan ham qonunga tayanib qaror chiqarishi uchun nimalar kerak?