Ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, distribyutorlar va xaridorlar uch kun ichida bitta maydonda ilk tanishuvdan tortib, ishbilarmonlik muzokaralari oʻtkazish va bitimlar tuzishgacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtishlari mumkin.

Oʻz mahsulotlari, texnologiyalari va yechimlarini dunyoning 19 ta mamlakatidan 503 ta kompaniya namoyish etadi: Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Xitoy, Turkiya, Ukraina, Germaniya, Italiya, Polsha, Litva, Rossiya, Eron, Pokiston, Vyetnam, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari.

Umumiy koʻrgazma maydoni 25 000 m² ni tashkil etadi, tadbirga 20 000 dan ortiq professional tashrif buyuruvchilar kelishi kutilmoqda.

Messe Frankfurt litsenziyasi asosida oʻtkazilayotgan uchta koʻrgazmaning tashkilotchisi va Messe Frankfurt kompaniyasining Markaziy Osiyodagi rasmiy vakili boʻlgan Business Media Central Asia (BMCA) rahbari Dilfuza Samandarova shunday taʼkidlaydi: «Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi muhim xabga aylanib bormoqda va koʻrgazmalarimiz xalqaro kompaniyalarga hamkorlar topish hamda yangi bozorlarni kashf etishda yordam berib, ushbu salohiyat bilan birga oʻsmoqda».

Koʻrgazmalarda nimalar namoyish etiladi?

Automechanika Tashkent 2026: koʻrgazma Toshkentda uchinchi marta boʻlib oʻtadi. Anʼanaga koʻra, u avtobutlovchi qismlar, moylar, shinalar, avtomobil elektronikasi, diagnostika va servis uskunalari, shuningdek, avtoservislar uchun yechimlar ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilarni oʻzida birlashtiradi.

Ishtirokchilar va brendlar qatorida: EXZAP, TRT, LB Unite, MANN-FILTER, Michelin, CARVILLE, RAVENOL, LOAADI, BARS, Vikron, StarLine, Wolf, LOTOS Oil, TOTACHI, Petrovoll va boshqalar bor.

Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilganidan buyon koʻrgazmani qoʻllab-quvvatlab kelayotgan Shell kompaniyasi uchinchi yil qatorasiga Automechanika Tashkent koʻrgazmasining bosh hamkori sifatida ishtirok etmoqda.

Image
Foto: Central Asian Expo Uzbekistan

2025-yilda Shell vakillari koʻrgazmaga tashrif buyuruvchilarning koʻpligi va avtomobil sanoatiga qiziqish ortib borayotganini qayd etishgandi: «Tadbir davomida koʻplab nufuzli mehmonlar va soha vakillarining ishtiroki, koʻrgazma stendlaridagi qizgʻin faoliyat hamda tashrif buyuruvchilarning yuqori faolligi kuzatildi. Bu esa avtomobil sanoatiga boʻlgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi».