Toshkent tumani hokimi oʻrinbosari tezkor tadbirda qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, tuman hokimi oʻrinbosari tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasi tashkil etishi uchun hokimlik balansida boʻlgan 1 gektar yer maydonini auksion savdolarga chiqarib, olib berish evaziga 25 ming dollari talab qilgan. U bu ishni davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan hokim oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “g” bandi hamda 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.