Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilishdagi uch kun davom etgan tanaffus yakunlanganini maʼlum qildi. Bu bilan AQSH prezidenti Donald Tramp eʼlon qilgan «energetika sulhi» ham yakunlandi.
«Men harbiylarimga „energetika sulhi“ paytida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga va dizel bilan bogʻliq barcha narsalarga hujum qilmasligimizni aytdim, chunki agar biz hujum qilsak, kimdir <...> biz sulhni buzganimizni aytardi», – deya vaziyatni tushuntirdi Zelenskiy payshanba kuni Financial Times nashriga bergan intervyusida.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, birinchi va ikkinchi kuni Rossiya Ukrainaning yoqilgʻi quyish shoxobchalari va yoqilgʻi infratuzilmasiga «uncha kuchli boʻlmagan» zarbalar bergan, ammo uchinchi kuni mamlakatdagi barcha asosiy energetika infratuzilmasi obyektlariga hujum qilingan.
Financial Times jurnalistining Ukraina yana qancha vaqtgacha Rossiyaga hujum qilmay turishga tayyorligi haqidagi savoliga javob berarkan, Zelenskiy shunday dedi: «[Neftni qayta ishlash zavodlari boʻylab] zarbalarga taqiq bekor qilindi. Boʻldi. Yetar».
Prezidentning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning chorshanba kuni kechqurun yoʻllagan zarbalaridan soʻng, jumladan, Lutskda tinch aholi vakillari halok boʻlgach, u harbiylarga tanaffus tugaganini aytgan.
U Ukraina AQSH istagini bajarib, uch kun davomida Rossiyadagi energetika obyektlariga hujum qilmaganini qayd etgan. Shu bilan birga, Moskva Ukraina energetika infratuzilmasiga zarba berishda davom etgan, natijada soʻnggi bir hafta ichida tinch aholi orasida 100 dan ortiq kishi halok boʻlgan.
Tanaffusdan keyingi ilk zarba
Ukraina qurolli kuchlarining qisqa muddatli tanaffusdan keyingi ilk zarbasi Ryazan oblastidagi neftni qayta ishlash zavodiga boʻlgan. «Rosneft»ga tegishli boʻlgan bu zavod Moskva shahri va Moskva oblastiga taʼminot yetkazishda muhim hisoblanadi.
Ryazan oblasti gubernatori Pavel Malkov 15-oktabr tongida «dronlarning regionga yopirilma hujumi» natijasida Ryazandagi 14 ta maktabda va 25 ta bolalar bogʻchasida darslar bekor qilinganini maʼlum qildi. Ukrainadagi Exilenova+ monitoring kanali Ryazan neftni qayta ishlash zavodi uzra alanga koʻtarilgani aks etgan videoni eʼlon qilib, bu ukrainlar droni hujumi bilan bogʻliq ekanini taxmin qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari Ryazan neftni qayta ishlash zavodiga 69 ta dron va toʻrtta «Flamingo» qanotli raketalari bilan hujum qilganini maʼlum qildi. Rossiya harbiy idorasi «dronlar va raketalar urib tushirilgani», ammo «dron parchalari tushishi oqibatida neftni qayta ishlash zavodi hududida yongʻin sodir boʻlgani»ni maʼlum qilgan.















