Beeline Uzbekistan egasi boʻlgan VEON guruhi Perfectum brendi ostida ishlovchi Rubicon Wireless kompaniyasini toʻliq sotib olishga kelishganini eʼlon qildi.
Kompaniyaning 19-oktabrdagi xabariga koʻra, bitimning umumiy qiymati taxminan 207 mln dollar. Bu summaga Perfectum’ning qariyb 93 mln dollarlik moliyaviy qarzlarini oʻz zimmasiga olish ham kiradi. Xarid uchun zarur pul mablagʻlari VEON’ning mavjud mablagʻlari hisobidan ajratiladi.
VEON bitim boʻyicha tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olinganini bildirdi. Xarid jarayoni oktabr oyi oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Perfectum aktivlari qatoriga 850 va 3800 MGs diapazonlaridagi jami 115 MGs chastota resursi, tarmoq uskunalari hamda Nokia texnologiyalari asosida qurilgan mustaqil 5G tarmogʻi kiradi.
VEON hisob-kitobiga koʻra, xarid natijasida Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslari qariyb 50 foizga oshadi. Guruh bu orqali aloqa qamrovi va tarmoq sigʻimini kengaytirish, 5G hamda uylar va biznes uchun simsiz internet xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Aktivlarni Beeline tarmogʻi bilan integratsiya qilish hisobiga investitsiya va operatsion xarajatlarni optimallashtirish ham koʻzda tutilgan.
Perfectum avval qanday xususiylashtirilgan edi?
Kun.uz 2024-yil martida Perfectum xususiylashtirilgani haqida xabar bergandi. Oʻshanda korxona va tashkilotlar reyestrida operatorning yuridik shaxsi - “Rubicon Wireless Communication” MChJning 100 foiz ulushi tadbirkor Abdumalik Iminovga tegishli ekani koʻrsatilgan.
Kompaniyani xususiylashtirish prezidentning 2020-yil 27-oktabrdagi qarorida belgilangan. Oʻsha vaqtda uning 65 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, 35 foizi AQShda roʻyxatdan oʻtgan “Amis Protrade International” kompaniyasiga qarashli boʻlgan.
Biroq davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq tanlov va xususiylashtirish natijalari haqida ommaga xabar berilmagandi. Kun.uz oʻshanda bu yuzasidan Davaktivga soʻrov yuborgan.












