Toshkent shahar IIBB maʼlumotiga koʻra, voqea 17-oktabr kuni taxminan soat 13:00 da sodir boʻlgan. Restoran oldida 1990-yilda tugʻilgan S.R. va 2009-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan yigit oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

OAV xabarlarida yigit kurer boʻlib ishlashi, janjal esa Markaziy univermag - TSUM yaqinidagi piyodalar yoʻlagidan skuterda oʻtish vaqtida boshlangani aytilgan. Tarqalgan videoda restoran vakili uni toʻxtatib, haqorat qilgani va urish bilan tahdid qilgani aks etgan. Kurer esa navigator koʻrsatgan yoʻnalish boʻyicha kelganini bildirgan.

IIBB fuqaroning harakatlarida jamoat tartibini buzish holati boʻlganini maʼlum qilgan. Mirobod tumani IIO FMB tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi - «Mayda bezorilik» boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborilgan.

Voqeadan keyin «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi yozgi maydoncha joylashuvi ham tekshirilgan. Hokimlik maʼlumotiga koʻra, hududdan foydalanish talablari, jumladan, piyodalarning erkin harakatlanishiga oid qoidabuzarliklar aniqlangan. Shundan soʻng choralar koʻrilib, yoʻlak restoran stol-stullaridan boʻshatilgan.

Restoran maʼmuriyati oʻz munosabatida yozgi maydoncha yonidagi yoʻlak piyodalar, bolalar aravachasi bilan yuruvchilar va harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligini bildirgan. Ayni paytda, xodimlar yoʻlakda mototsikl va mopedlarda harakatlanmaslikni soʻrashini qayd etgan.

Restoran janjal holatlarini va kuzatuv kameralari yozuvlarini oʻrganayotganini, xodimlarning qoʻpolligi hamda tahdidlariga yoʻl qoʻymasligini ham maʼlum qilgan.

Keyinchalik janjalda qatnashgan shaxs kurerdan uzr soʻrab, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.