7-oktabr kuni Toshkentda Jahon paxta kuniga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Jahon savdo tashkiloti, Xalqaro paxta maslahat qoʻmitasi (ICAC) rasmiylari hamda 30 dan ortiq davlatdan soha mutaxassislari ishtirok etdi. Kun.uz muxbiri konferensiya doirasidagi muhokamalarni kuzatdi.

Jahon paxta kuni 2019-yilda Afrikadagi toʻrtta paxtakor davlat - Benin, Burkina-Faso, Mali va Chad tashabbusi bilan joriy etilgan boʻlib, har yili 7-oktabrda Jahon savdo tashkiloti va BMT koʻmagida nishonlanadi. Asosiy tadbir 2024-yilda Beninda, 2025-yilda Italiyada oʻtgan. Bu yil konferensiya ilk marta Markaziy Osiyoda oʻtdi: 2025-yil noyabrida prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi chogʻida vazir Abdurahmonov va Xalqaro paxta maslahat qoʻmitasi (ICAC) ijrochi direktori Erik Traxtenberg bilan 2026-yilgi tadbirni Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishgan.

Oʻzbekiston uchun bu kun alohida maʼnoga ega. Anjumanda namoyish etilgan rasmiy videorolikda aytilganidek, Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilda Oʻzbekistondagi paxta terimida tizimli majburiy mehnat tugatilganini eʼtibor etgan, 2022-yil 10-martda esa Cotton Campaign koalitsiyasi oʻzbek paxtasiga qarshi boykotni rasman bekor qilgan. Shundan keyin Oʻzbekiston oʻz paxtasini xalqaro maydonda yana erkin sota boshladi.

Vazir “5D” deganda nimani nazarda tutdi?

Ibrohim Abdurahmonov / Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri, biologiya fanlari doktori Ibrohim Abdurahmonov nutqining asosiy qismini “5D” deb atagan tamoyillarga bagʻishladi - inglizcha diversify, doable, design, discipline, durable soʻzlarining bosh harflari. Yaʼni navlar va texnologiyalarni xilma-xil qilish, qoidalarni fermer bajara oladigan darajada soddalashtirish, dalani aniq sxema boʻyicha rejalashtirish, intizom va barqarorlik.

Vazirning aytishicha, iqlim tez oʻzgarayotgani uchun bitta nav va bitta usulda qolib boʻlmaydi, shuning uchun Oʻzbekiston dunyoning turli seleksiya markazlaridan navlarni keltirib sinagan va moslashtirgan. “Biz har qanday agrotexnologiyaga ochiqmiz”, dedi Abdurahmonov.

Uning soʻzlariga koʻra, paxtachilikdagi texnologiyalarning koʻpi fermer uchun murakkab boʻlgani sababli qoʻllanmay qoladi, shu sababli ikkinchi tamoyil - bajarsa boʻladigan soddalik. Masalan, gʻoʻzaning boʻyi haqidagi qoidani vazir shunday tushuntirdi: