Qoʻmitaga koʻra, qurilishi rejalashtirilayotgan har bir loyihaga kompleks yondashish zarur. Koʻp qavatli uylar bilan birga yashil hududlar, bolalar maydonchalari va avtoturargohlar ham inobatga olinishi lozim.
Shuningdek, yer maydoni bir gektargacha boʻlgan kichik va zich qurilishlardan voz kechish zarurligi taʼkidlangan.
Qoʻmita hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga taqdim etilayotgan loyihalarni koʻrib chiqishda uchta asosiy jihatga eʼtibor qaratmoqda.
Birinchisi - Bosh rejaga muvofiqlik. Qurilish loyihasi hududning tasdiqlangan Bosh rejasiga mos boʻlishi shart.
Ikkinchisi - kamida 30 foiz yashil hudud. Qoʻmita yashil maydonlar shaharning ekologik muvozanatini saqlash va aholi uchun sogʻlom yashash muhitini yaratishda zarurligini qayd etgan.
Uchinchisi - binolar balandligining infratuzilmaga mosligi. Uylarning qavatlar soni hududdagi kommunal va ijtimoiy infratuzilma imkoniyatlariga mutanosib boʻlishi kerak.
















