
Forumda texnologiya sohasi vakillari, ilmiy hamjamiyat aʼzolari, tegishli idoralar mutaxassislari va talabalar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadlaridan biri sohadagi amaliy tajriba almashish, dolzarb texnik masalalarni muhokama qilish hamda yoshlarning innovatsion loyihalarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat boʻldi.

Dronlar xavfsizligi va radioelektron kurash masalalari
Forum dasturidan oʻrin olgan ikkita yalpi majlisda mahalliy va xorijiy mutaxassislar uchuvchisiz tizimlar bilan bogʻliq texnologik yechimlar haqida maʼruzalar qildi.

EAS Company boshqaruvi raisi oʻrinbosari va bosh muhandisi Behzod Sulaymonov radioelektron kurash hamda uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish (C-UAS) tizimlarining zamonaviy imkoniyatlarini taqdim etdi. Maʼruzada dronlardan kelib chiqishi mumkin boʻlgan tahdidlarni aniqlash va ularga qarshi kurashishda qoʻllanadigan texnologiyalarga eʼtibor qaratildi.

Hasan Xankeldiev dronlar yordamida yuk tashish yoʻnalishlarini samarali tashkil etish masalasini koʻrib chiqdi. Xususan, Toshkentdagi Korzinka tarmogʻi filiallari oʻrtasida yuk yetkazib berish yoʻnalishlarini optimallashtirish misolida «sayyoh savdogar masalasi» (TSP) va MATLAB dasturidan foydalanish imkoniyatlari yoritildi.
Minhaj Uddin Ahmad uchuvchisiz uchish apparatlari uchun radio xalaqitlarga chidamli aloqa kanallari va masofadan boshqarish tizimlari haqida maʼlumot berdi. Bunday texnologiyalar aloqa barqarorligini saqlash va murakkab radioelektron sharoitlarda boshqaruv samaradorligini taʼminlash uchun muhim hisoblanadi.
Petr Xmarskiy esa koordinata maʼlumotlarini koʻp gipotezali qayta ishlash orqali manyovr qiluvchi uchuvchisiz apparatlarning harakatini kuzatish va prognoz qilish usullarini taqdim etdi. Ushbu yondashuvlar havo obyektlarini kuzatish tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan.















