Qirğizistonda qurilişning «nolinçi sikli» yakunlanmagunça, binolardagi kvartira va noturar joylarni sotiş taqiqlandi. Tegişli buyruq mamlakat quriliş, arxitektura va uy-joy kommunal xöjaligi vaziri Nurdan Öruntayev tomonidan imzolandi, deya xabar berdi 24.kg naşri.
Qurilişning «nolinçi sikli» deganda poydevor quriş va yer ostidagi barça quriliş işlarini töliq yakunlaş bosqiçi tuşuniladi. Vazirlik buyruğiga köra, mazkur bosqiç tugaguniga qadar quriliş kompaniyalariga quyidagilar taqiqlanadi:
qurilayotgan obyektlardagi turar joy va noturar joylarni sotiş;
fuqarolar va yuridik şaxslarning mablağlarini qurilişga jalb qilişni nazarda tutuvçi uluşli iştirok şartnomalari, dastlabki şartnomalar va boşqa fuqarolik-huquqiy bitimlarni tuziş;
quriliş obyektlarini reklama qiliş.
Davlat arxitektura-quriliş nazorati departamentiga uşbu talablar buzilişi, jumladan, noqonuniy reklama beriş, savdoni muddatidan oldin boşlaş va fuqarolarning mablağlarini jalb qiliş holatlarini aniqlaş vazifasi yuklatildi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, idora öz vakolatlari doirasida tegişli çoralar köradi.
Quriliş vazirligining maʼlum qilişiça, hozirda quriliş kompaniyalariga yangi talablarni tuşuntiriş işlari olib borilmoqda. Taşkilot rahbarlari yangi qoidalar bilan taniştirilgan va ularga rioya qilmagan taqdirda javobgarlik borligi haqida ogohlantirilgan.
Vazirlik izohiga köra, mazkur buyruq uy-joy xaridorlarining mablağlari va huquqlarini himoya qiliş, şuningdek, qurilişning hali töliq bosqiçiga yetib bormagan obyektlarga pul tikiş bilan boğliq xatarlarni kamaytirişga qaratilgan.








