Ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha tuzilgan maxsus komissiya 4 oktbyar kuni Toshkent shahrida yomgʻir yogʻishidan oldin qisqa muddatli chang-toʻzon hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Global ob-havo modellari va «Oʻzgidromet» prognozlariga koʻra, poytaxt hududiga nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Shu sababli shamol tezligi 3–8 metr/soniyagacha, ayrim hududlarda esa 10–14 metr/soniyagacha kuchayishi ehtimoli mavjud.

Kuchaygan shamol oqibatida ayrim joylarda chang-toʻzonlar koʻtarilishi va atmosfera havosida chang zarrachalari, xususan, PM10 konsentratsiyasi miqdori qisqa muddatga ortishi mumkin.

«Hozirda atmosfera havosi sifati maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda», – deyiladi xabarda.

Avvalroq «Oʻzgidromet» 3−5-oktabr kunlari Oʻzbekistonga sovuq va nam havo kirib kelishi, yomgʻir yogʻib, togʻlarda qorga aylanishi, shamol tezligi 22 metr/soniyagacha kuchayishi haqida xabar bergandi. Ayrim joylarda tuman tushishi mumkin.