«5 daqiqa»ning navbatdagi sonida Şarl Lui Monteskening «Qonunlar ruhi haqida» deb nomlangan kitobini şarhlaşni niyat qildik.

Monteske bu asarda faylasuf, huquqşunos va siyosiy mutafakkir sifatida davlat, jamiyat, qonun va inson erkinligi haqida mulohaza qiladi. Uşbu qimmatli kitob özbek tiliga siyosatşunos Hamid Sodiq tomonidan tarjima qilindi.

Kitobdan odatdagi qahramonlar, keskin burilişlar va sirli voqealarni izlamang. Bu yerda boş qahramon – hokimiyat, asosiy töqnaşuv esa erkinlik bilan mutlaq vakolat örtasida keçadi.

Asarda hokimiyatni çeklaş haqida söz boradi. Monteske inson tabiatini yaxşi bilgan mutafakkir sifatida bir xavfga eʼtibor qaratadi: hokimiyat qölidagi vakolat çeksiz bölsa, uni suiisteʼmol qiliş ehtimoli ham ortadi. Şuning uçun jamiyat erkinligi faqat rahbarning yaxşi inson ekaniga boğliq bölmasligi lozim. Hokimiyatni nazorat qiladigan, uning özboşimçaligini çeklaydigan tizim ham işlaşi kerak.

Monteskega köra, qonun çiqaruvçi, ijro etuvçi va sud hokimiyatlari bir qölda jamlansa, haqiqiy dahşat boşlanadi. Erkinlik xavf ostida qoladi. Çunki bunday vaziyatda hokimiyatning özini nazorat qiliş imkoniyati deyarli yöqqa çiqadi. Tizim yoki şaxs özini tiyib turişi, faoliyatiga tanqidiy köz bilan qaraşi doim ham oson emas.

Oddiyroq aytganda, imtihon savollarini tuzgan odamning özi javoblarni tekşirib, öziga baho qöysa, natijaga qançalik işongan bölardingiz? Albatta, bu davlat boşqaruvi bilan bir xil emas, ammo vakolatlarni ajratiş nima uçun kerakligini tuşunişga yordam beradigan kiçik misol.

Muallif inson öz huquqlariga işonib yaşaşi, qonun bilan himoyalanişi va hokimiyatning özboşimçaligidan qörqmasligiga urğu beradi. Qonun fuqaroni çeklaş vositasigina bölmasdan, uni himoya qiliş kafolatini ham taʼminlaşi lozim.

Biroq hamma narsada hokimiyatni ayblaşga şoşilmang. Monteske faqat hokimiyat haqida yozmaydi. U nima uçun turli mamlakatlarda qonunlar bir-biridan farq qilişini ham tuşunişga harakat qiladi. Uning fikriça, qonunlar tarix, urf-odatlar, iqtisodiy şaroit, din, turmuş tarzi va boşqa omillar bilan boğliq. Demak, bir mamlakatda iş bergan qoida boşqasida xuddi şunday natija bermasligi mumkin. Qonunni esa jamiyatdan uzib olib örganib bölmaydi.

Bugun ham qonunlar qabul qilinyapti. Yangi qarorlar çiqadi. Turli idoralar öz vakolatlarini amalga oşiradi. Ammo har qanday jamiyat uçun muhim savollar özgarmay qolaveradi. Yaʼni qonun oldida hamma tengmi? Fuqaroning huquqlari buzilsa, u kimdan himoya izlaydi? Hokimiyat öz xatosini tan olişiga va uni tuzatişiga qanday şaroit yaratilgan? Sud haqiqatan ham qonunga tayanib qaror çiqarişi uçun nimalar kerak?