AQŞ Federal apellyatsiya sudi 29-oktabr kuni Davlat departamentiga Green Card (DV-2027) lotereyasida iştirok etiş uçun röyxatga olişni qayta tiklaş majburiyatini yuklagan sud qarorining ijrosini töxtatib qöydi, deb xabar berdi Bloomberg Law.
Şu tariqa, Amerika hukumati immigratsiya darajasi nisbatan past bölgan davlatlar fuqarolariga har yili 55 mingtagaça viza oliş imkoniyatini beruvçi dasturda iştirok etiş uçun röyxatga oliş jarayonini boşlaşga hozirça majbur emas. Bu haqda AQŞ Apellyatsiya sudi qarorida aytiladi.
14-oktabr kuni Kaliforniya Janubiy okrugi sudi Davlat departamentiga Green Card böyiça röyxatga oliş sanalarini 29-oktabrgaça eʼlon qiliş, arizalarni qabul qilişni 1-noyabrdan keçiktirmay boşlaş va saralab olingan iştirokçilarni 2026-yil 3-dekabrgaça natijalar haqida xabardor qiliş majburiyatini yuklagan edi.
Biroq AQŞ hukumati uşbu qaror ustidan apellyatsiya berdi. Uç nafar sudyadan iborat apellyatsiya hayʼati hukumatning şoşilinç iltimosnomasini qanoatlantirib, qaror ijrosini vaqtinça töxtatib qöydi.
Sudyalar Davlat departamentiga qarşi daʼvo arizasi kiritgan “Red Eagle Law LC” immigratsiya yuridik firmasida bunday talab qöyiş uçun huquqiy asoslar yetarli emas, deb topdi. Firma Amerika hukumati DV-2027 dasturida iştirok etiş uçun röyxatga olişni boşlamaganidan söng, 2026-yil avgust oyida sudga murojaat qilgan edi.
Apellyatsiya sudining fikriça, immigratsiya dasturi iştirokçilariga xizmat körsatuvçi yuridik kompaniyaning tijoriy manfaatlari lotereya töğrisidagi qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlar sirasiga kirmaydi. Şu bilan birga, sudyalar röyxatga olişni boşlaş masalasida Davlat departamentining harakatsizligini qöllab-quvvatlamasligini taʼkidlaşdi.
AQŞ prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Diversity Visa dasturini 2025-yil dekabr oyida töxtatib qöygan edi. Bunday qaror Rod-Aylend va Massaçusets ştatlarida yuz bergan ikkita otişma holatidan söng qabul qilingan. Jinoyatlarda gumon qilinuvçi muqaddam Diversity Visa dasturi orqali Amerika vizasini olgan Portugaliya fuqarosi bölib çiqdi. Keyinçalik uning jasadi topilgan. Huquqni muhofaza qiliş organlari maʼlumotlariga köra, u öz joniga qasd qilgan.












