Foizsiz iqtisodiyot modelining global iqtisodiy jarayonlarda faolligi ortib bormoqda. Qarzga asoslangan an’anaviy iqtisodiyot moddiy aktivlar bilan yoki ularni yaratish amaliyotlari bilan to‘liq ta’minlanmagani bois, iqtisodiyotda haddan tashqari pul massasining ko‘payishi, inflatsiyaning ortishi hamda ishsizlik darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Bular esa global iqtisodiy inqirozga olib keluvchi asosiy omillardan.

Xalqaro valuta fondining o‘rganishlariga ko‘ra, 2008 yildagi global iqtisodiy inqiroz natijasida eng kam talofat ko‘rgan va chidamli moliyaviy tizim bu islomiy banklar bo‘lgan. Shu bois, so‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda islom moliyasi bozori rivojlantirilmoqda.

Islom moliyasining asosiy jihati – har bir moliyalashtirish amaliyotining aktivlar bilan ta’minlanganidir. Bu yerda mablag‘lar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish kabi faoliyatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltiriladi. Islom moliyasi ortiqcha, bo‘sh pul massasining paydo bo‘lishida ishtirok etmaydi hamda foizga asoslangan qarz munosabatlarini amalga oshirmaydi.

Islom moliyasining rivojlanish ko‘rsatkichi (IFDI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda islom moliya sanoatining jami aktivlari hajmi qariyb 4,0 trillion AQSh dollariga yetgan va 2020 yilga nisbatan 17 foizga o‘sgan. Hisobotga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 6 trillion dollargacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 2021 yil holatiga, 76 davlatda 566 ta islomiy bank, 50 ga yaqin davlatda 335 ta takaful (islomiy sug‘urta) islomiy moliya institutlari faoliyat yuritmoqda.

Islom moliyasiga bo‘lgan talabning oshishi sabab geografik joylashuvi qulay bo‘lgan shaharlar o‘zlarini islom moliyasi habi o‘laroq tanitishga harakat qilishmoqda. Bu borada Dubay, London, Kuala-Lumpur va Manama peshqadam.

Dubay, Birlashgan Arab Amirliklari

Dubay – global islom moliya sanoatidagi eng muhim markazlardan biri. Amirlikning Afrika, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik joylashuvi, kuchli islomiy moliya tizimi va innovatsiyalar bo‘yicha obro‘si unga musulmon va musulmon bo‘lmagan mamlakatlardan investorlar va moliyaviy institutlarni jalb qilish imkonini bermoqda.

BAA Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 6 ta to‘liq islom banki, 2 ta xorijiy islom banki va islomiy bank xizmatlari darchalariga ega 15 ta an’anaviy bank mavjud. Mamlakatning islomiy moliya bozorini standartlashtirish maqsadida 2018 yilda Markaziy bank Oliy shariat boshqaruvini (HSA) tashkil etdi. HSA islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari bilan bog‘liq fatvolar (diniy hukmlar) chiqarish, shuningdek, shariatga mos keladigan yangi moliyaviy mahsulotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun javobgardir.