Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 39-maktab qarshisida 15-sentabr tongida yoʻl-transport hodisasi yuz berdi. Unda belgilangan piyodalar oʻtish joyidan yoʻlni kesib oʻtayotgan ona-bolani Chery mashinasi urib yubordi. Viloyat YHXB 16-sentabr kuni ushbu YTH haqida maʼlumot berdi. Unda taʼkidlanishicha, «piyodalarning sogʻligʻi yaxshilangani uchun ularga shifoxonadan ruxsat berilgan». Ushbu xabardan soʻng bemor ayolning xolasi tahririyatga murojaat qilib, jiyani hozirda shifoxonada ekanligini maʼlum qildi. Kun.uz muxbiri shifoxonaga borib, holatni oʻrgandi.

YTHdan keyin bemorga uyiga javob berilgan

Yoʻl-transport hodisasidan soʻng ayol va uning oʻgʻli Zangiota tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Biroq keyinroq farzandini kuzatuvga olishib, Toshkent viloyati Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar neyroxirurgiya boʻlimiga yuborishgan. 

Ayol shu kuni oʻzini yaxshi his qilmaganini, shunga qaramay, tekshiruvlardan keyin uyiga javob berilganini aytdi. Uyiga qaytganidan keyin uning ahvoli yaxshilanmagan. Kechasi isitmasi chiqib, ogʻriqlari kuchaygan va shifokor qoʻshnisi unga tun davomida ukol qilib turgan.

Voqea sodir boʻlgan kuni bemorni qabul qilgan shifokor Fayzullaxoʻja Eshonxoʻjayev ayolni oʻsha paytda statsionarga yotqizish uchun asos topilmaganini bildirdi.

«Maʼlumotnoma boʻyicha, birinchi onaga yoʻl-transport hodisasi tashxisi va dahan sohasi, yuz sohalari va oyoqlaridagi tizza sohalarida lat yeyishi, terida shilingan jarohat, tepa jagʻining mana, uchta tishi travmatik sinishi tashxisini qoʻydik. Mutaxassislar maslahatlashilgan holda tashxis qoʻydik. Bu tish sinish yengil jarohatga kirmaydi. Bu ayolga shunaqa tashxis qoʻydik, haqiqatan yotish holati aniqlanmadi», - dedi shifokor.

Bemor yana shifoxonaga qaytdi

Bemorning xolasi 16-sentabr kuni uning ahvoli yomonlashganini koʻrib, tez yordam chaqirgan.

«Chorshanba kuni ertalab jiyanimni koʻrgani uyiga bordim. Borsam, ahvoli ogʻir edi. Yigʻlab yotibdi, boshini koʻtara olmayapti. Tishlari singan, oyoqlari ham ogʻriqli edi. Keyin men darrov tez yordam chaqirdim va u bilan shu yerga keldik. Rentgenga tushirdi», dedi. «Qani, rentgen qogʻozini bizga koʻrsatinglar, bir kun oldingi rentgenni koʻrsating», desam, avval koʻrsatishmadi. Keyin kompyuterda koʻrsatdi. «Rentgenda hamma holati yaxshi, sotreseniyasi yoʻq», deb aytishdi»,