O‘zbekiston | 01:50 / 28.10.2018
305523
8 daqiqa o‘qiladi

Suvda turgan kishilar. Oqqo‘rg‘onda nimalar bo‘lgandi?

27 oktabr ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloknot tutgan olti kishining ariq suvida dong qotgan holati tasvirlangan suratni muhokama qilishdi. Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani aniqlandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kun.uzʼga yetib kelgan axborotga ko‘ra, ariq suviga oyoq tiqqan kishilar Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, Tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, “Ozod” MFYning oqsoqoli — Zokir Musabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, “Abdunosir” fermer xo‘jaligi rahbari (ismi Nosir) bo‘lib chiqdi.

Ma'lum qilinishicha, rahbarlar g‘allani o‘z vaqtida sug‘ormagan mas'ul va fermerlarni shu ko‘rinishda jazolagan. Ushbu ma'lumotni aniqlashtirish maqsadida 27 oktabr kuni kechki mahal Oqqo‘rg‘on tumaniga yo‘l oldik. Hokimlik binosi odamlar bilan gavjum bo‘lib turganidan angladikki, yig‘ilish endi yakuniga yetgan. Shu zahoti, tuman hokimi Farhod Omonov bizni qarshi olib, voqeaning tafsilotlarini aytishga tushib ketdi.

Oqqo‘rg‘on tuman hokimi Farhod Omonov

“G‘alla ekish bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari (Sherzod Murodov - tahr.) borganda, qilingan ishlarning barchasini tahlil qilmoqchi bo‘lgan. Ikki nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlari, o‘zining (qo‘l ostidagi) xodimlari, suv xo‘jaligi boshlig‘i bilan birgalikda bo‘lgan. G‘alla ekilgandan keyin, suv qo‘yilishi kerak. Lekin, g‘alla ekilgan joyda suv qo‘yilmagan, yonidagi ariqda esa suv oqib yotibdi.“Mana suv bor-ku! Nega suv qo‘ymaysan?”, degan payti, suvga o‘zi tushib ketgan. “Mana — suv! Bu yoqqa kel, sen ham suvni ko‘rgin”, deb turib, qolganlarni ham suvga...”, deydi u.

Omonovning aytishicha, tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov ushbu tekshiruvga rahbarlik qilgan va “g‘allaga bo‘lgan talabini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan”.

“G‘allani birinchigacha (1 noyabr - tahr.) ekib bo‘lishimiz kerak. Bu paytda sug‘orib, chiqarib yuborish kerak. Shunga, talab sal kuchaytirilgan. Noto‘g‘ri qilgan. Shuning uchun, biz buni muhokama qildik. O‘zidan tushuntirish xatini oldik. Bundan tashqari, eng kam ish haqining 5 baravarida ma'muriy jazoga tortildi. Bu voqea o‘tgan kuni, tushdan so‘ng bo‘lgandi”, deydi tuman hokimi Farhod Omonov.

Video: Tas-IX

Video: YouTube

27 oktabr kuni ijtimoiy tarmoq sahifalarini larzaga keltirgan surat bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “qahramonlar”ni va o‘sha voqea yuz bergan hududni aniqlashda jamoatchilikdan yordam so‘rab, murojaat qilishga ulgurgandi. Oqqo‘rg‘on tuman hokimiga ko‘ra, tegishli axborot allaqachon vazirlikka taqdim etilgan. Ammo, vazirlik rasmiy vakili 27 oktabr soat 18.00ga qadar aniq ma'lumot yo‘qligini bildirib, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda surishtiruv davom etayotganini aytgandi.

Bundan tashqari, hokim tekshiruv payti “respublikadan hech kim bo‘lmagan”ini tasdiqladi. Bu gapning teskarisi, ya'ni o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘onda, suvga botgan oltovlondan sal narida bo‘lgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov aytib berdi.

Oqqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov

Murodovga ko‘ra, voqea sal boshqacha yuz bergan, ya'ni u g‘allaga suv qo‘yilmaganini aniqlagan va jahl ustida oyoq kiyim bilan suvga tushgan.

“Mana suv bor-ku, deb, jahl ustida suvga tushdim. [...]Fermerga suvni ko‘rsatmoqchi edim. Men ularni suvga tushirmadim. Ularning o‘zi tushdi. “Ariqda suv yo‘q”, deyilgandi. “Mana bor”, deb tushgandim, ular ham ergashib tushdi. (!) Suvda ko‘p turmadik, bir daqiqa atrofida bo‘ldik”, deya boshqa manzarani ko‘rsatdi Sherzod Murodov.

Suvga “o‘zi anglagan holda tushgan” hokim o‘rinbosari nega atrofdagilar, xususan o‘zining qo‘li bog‘liq turganiga izoh bermadi. Uning aytishicha, “turish - shunaqa”. Ro‘parada esa rahbarlar bo‘lgan, deya tasdiqlaydi u.

“Ular bizga ters qarab turgandi, 20-30 metr uzoqroqda edi. Ular orasida Bosh vazir o‘rinbosari, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. Ular buni ko‘rmadi”.

Murodovning ta'kidlashicha, unga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilgan. Buni hokim ham aytgandi, faqat Murodov jazoni boshqa ishi uchun “olgani” haqida aytib qoldi.

“Eng kam ish haqining 5 baravari miqdoridagi jarimani men, tuman qishloq xo‘jaligi ham tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i to‘ladi. Dalaga suv qo‘yilmagandi, qishloq xo‘jaligi kompleksi rahbari sifatida nazorat qilmagandim. Shuning uchun, ma'muriy jazo tayinlandi”, deydi u.

Ko‘rish mumkinki, ariq suvida turganlar yaqin masofadan turib suratga olingan. Shunga qaramay, Murodov u yerda kim turganini eslolmadi, bilmaydi. Xullas, bu voqea haqida yanada ko‘proq gapirib berishi mumkin bo‘lgan mahalla oqsoqoli, fermerlarni qidirishimiz besamar yakunlandi.

Voqealar rivoji biroz buzilgandek. Boz ustiga, mantiq yo‘qdek tuyuldi. Oqqo‘rg‘on tumanidan qaytar ekanmiz, surat ortida yashiringan haqiqat bizdan berkinayotgandek tuyulaverdi. Suvga «o‘zi anglagan holda tushgan» hokim o‘rinbosari Sherzod Murodov bu voqea katta rahbarlar guvohligida bo‘lganiga ishora qilmoqda. O‘zbekiston hukumatida qishloq xo‘jaligidagi ishlarga asosiy mas'ul shaxslar Qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupov hamda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri, ayni vaqtda bosh vazir o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasida Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti rahbari Zoyir Toyirovich Mirzayev hisoblanadi. Sherzod Murodov o‘z izohida voqea joyida aynan Mirzayev ham bo‘lganini aytmoqda.

Umid qilamizki, keng muhokama sabab bo‘lgan surat yuzasidan rasman izoh berilib, masalaga oydinlik kiritiladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Xurshid Daliyev

Mavzuga oid