Oliy ta'lim muassasalarida davlat granti asosida tahsil olgan talabalarni doim qiziqtirib kelgan bir savol mavjud. Bu ta'limdan keyin 3 yil davomida majburiy ishlab berish haqidagi savoldir. Ushbu qoida qayerda belgilab berilgan va 3 yil davomida majburiy ishlab berish qanday amalga oshiriladi va shu kabilar haqida ayrim ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Davlat granti asosida tahsil olgan bakalavr va magistratura talabalarining 3 yil davomida ishlab berish majburiyati 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etilgan. Mazkur amaliyot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi PQ-92-son «2005/2006 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarorining 6-bandiga asosan joriy etilgan.

Prezident qaroriga asosan Iqtisodiyot, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005 yil 7 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida” nizom ishlab chiqilgan.

Mazkur Nizom oliy ta'lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan, ta'lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi.

Savol-javoblarga o‘tishdan oldin, dastlab ushbu tizim haqida ikki og‘iz o‘z fikrimni bildirib o‘tsam degandim. Gapning indallosini aytganda, mazkur Nizom bilan tartibga solingan tizim bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. 13 yil oldingi qoidalar zamonaviy mehnat bozori uchun mos emas. Ishga joylash bo‘yicha taqsimot komissiyasi faoliyati shu darajada tushunarsizki, ayrim sohalarni hisobga olmaganda kamdan-kam OTMlarda bu tartibga to‘liq amal qilinadi. Davlat grantida o‘qib, ko‘chada ishsiz yurgan yoshlarning ko‘pchiligidan ham bilish mumkinki, qog‘ozdagi qoidalar amaliyotga to‘g‘ri kelmaydi. Bu tizimni zamonaviy talablarga mos ravishda qayta ishlab chiqishni ko‘p ham kechiktirmasdan kun tartibiga qo‘yish lozim. Axir yoshlarning bandligi bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib turgani hammaga ma'lumku.

Endi navbat savollarga. Nizom bo‘yicha quyidagi savollar juda ko‘p beriladi:

1. Talaba bakalavr bosqichini davlat granti asosida tamomlab, magistraturani chet elda o‘qimoqchi bulsa, unga diplomning asl nusxasi beriladimi? Yoki 3 yil ishlab bermaguncha diplomni ololmaydimi?