Prezident Şavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni raqamli taʼlim ekotizimini rivojlantiriş yuzasidan taqdimot bilan tanişdi.
Taqdimotda 2030-yilgaça 5,5 million nafar yoşni anʼanaviy va masofaviy şakllarda öqitişga qaratilgan yondaşuvlar körib çiqildi.
Maktab öquvçilari uçun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Beş million sunʼiy intellekt yetakçilari” loyihalarini kengaytiriş, oliy taʼlim muassasalari hamda xususiy öquv markazlari imkoniyatlarini birlaştiriş nazarda tutilmoqda.
Davlat rahbari robototexnika, kompyuter öyinlarini yaratiş, startaplar va boşqa istiqbolli yönalişlarda yiliga 1 million nafar yoşni öqitiş vazifasini qöydi. Buning uçun milliy trenerlar korpusini şakllantiriş, onlayn taʼlim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq işga tuşiriş, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirib, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etiş zarurligi taʼkidlandi.
Taqdimotda oliy taʼlimda tayyorlanayotgan kadrlar malakasini texnologiyalar va mehnat bozoridagi özgarişlarga moslaştiriş masalalari ham körib çiqildi. Sunʼiy intellekt, mikrosxemalarni loyihalaş, dron texnologiyalari va kompyuter öyinlarini işlab çiqiş kabi yönalişlarda taʼlimni rivojlantiriş, talabalarning amaliy loyihalarda iştirokini kengaytiriş taklif etildi.
Şuningdek, informatika öqituvçilarining sunʼiy intellekt böyiça bilimlarini oşiriş va ularni sertifikatlaş, oliy taʼlim muassasalari talabalari uçun xalqaro raqamli taʼlim kurslaridan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş masalalari muhokama qilindi.
Farğona tajribasi asosida iOS dasturçilarini tayyorlaş markazlarini taşkil etiş, xususiy taʼlim markazlariga mentorlar tayyorlaş takliflari maʼqullandi.
Ilmiy tadqiqot va işlanmalarni taʼlim bilan boğlaşga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, oliygohlarda örnatilgan tizimlar, mikroelektronika va buyumlar interneti böyiça mutaxassislar tayyorlaş, muhandislik işlanmalari va tadqiqot laboratoriyalari faoliyatini qöllab-quvvatlaş yuzasidan takliflar bildirildi.
Yoşlarning olgan bilimi mehnat bozorida öz örnini topişi uçun “Raqamli yoşlar” platformasini rivojlantiriş rejalari ham körib çiqildi. Unda taʼlim, könikmalar, til biliş darajasi va sertifikatlar haqidagi maʼlumotlarni jamlaş, yoşlarga mos böş iş örinlarini taklif qiliş hamda ularning bandligini kuzatib boriş közda tutilmoqda.













