Kaspiydagi fojia
24-sentabr kuni qozoğistonlik harbiylarning Kaspiy dengiz qirğoğidagi maşğuloti çoğida tösatdan kuçaygan şamol 17 kişini oçiq dengizga olib ketdi. Rasmiylarga köra, fojiada harbiylardan 14 nafari halok bölgan, uç kişi qutqarilgan. Juma kuni 09:15 da oxirgi ikki jasad topilgaç, qutqaruv operatsiyasi yakunlandi.
Fojia bir neça kun avval boşlangan yirik harbiy maşğulot doirasida yuz berdi. 22-sentabr kuni Kaspiyning Qozoğiston sektorida boşlangan maşğulotlarda 500 dan ortiq harbiylar, jangovar kemalar ekipajlari va çegaraçilar iştirok etayotgandi.
Qozoğiston Mudofaa vazirligi fojia öquv-jangovar vazifa bajarilayotganda yuz berganini aytiş bilan çeklandi. Harbiylar kemadan suvga tuşib ketganmi yoki qirğoqda turgan bölganmi, aniq aytilmagan.
Aniqroq tafsilotlarni oqtovlik bloger Azamat Sarsenbayev bergan, lekin bu rasman tasdiqlanmagan. Uning maʼlumotiga köra, harbiylar «Qaysar» harbiy kemasidan taxminan bir metr çuqurlikka desant tuşirişni maşq qilgan. Ob-havo keskin yomonlaşgaç, tölqin 17 kişini dengizga olib ketgan: 15 matros, bitta ofitser va bitta kontrakt asosidagi harbiy. Sarsenbayev yana şunday yozgan: harbiylar suvga tuşib, töliq ekipirovkada böronli havoda qirğoq tomon yura boşlaganda, taxminan ikki metr çuqurlikdagi joyga tuşib qolib çökişgan.
Fojiadan söng hukumat komissiyasi tuzildi. Içki işlar vazirligi Jinoyat kodeksining 2 ta moddasi: «oğir oqibatlarga olib kelgan xizmatga beparvolik» va «kema boşqariş qoidalarini buziş» böyiça iş qözğatgan. 30 nafar harbiy amaldor söroq qilingan, gumondorlar bor.
Qidiruvga şaxsan mudofaa vaziri rahbarlik qildi. Operatsiyaga jalb qilingan 252 nafar şaxsiy tarkib, 34 ta maxsus texnika, 37 harbiy ğavvos, kema va vertolyotlar iş olib bordi.
Fojia mamlakat böylab keng aks sado berdi. Qozoğiston prezidenti Qosim Jömart Töqayev 25-sentabrni umummilliy motam kuni deb eʼlon qildi. Rasmiylar halok bölganlarning oilalariga barça yordam berilişini maʼlum qildi.
Şu bilan birga, jamoatçilikda savollar köpaymoqda. «Qazgidromet» 24-sentabrda şamolning sekundiga 15–20 metrgaça kuçayişini başorat qilgan, şunga qaramay maşğulotlar ötkazilgan. Bundan taşqari, hozirça ob-havo fojianing yagona sababi ekani aytilmagan. Xuddi şu hududda 2015-yil 18-sentabrdagi harbiy maşğulotlarda ham 4 nafar harbiy halok bölgandi.








