Amerika Qo‘shma Shtatlarining John Deere kompaniyasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorlikda oliy o‘quv yurtida o‘quv markazini tashkil etdi. Shu munosabat bilan TIQXMMIda tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh vazir maslahatchisi, «O‘zagrotexsanoatxolding» AK raisi Nodir Otajonov, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, CIS Equipment Group rahbari Jyeyson Hant, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi, John Deere kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy dileri – Landtech kompaniyasi vakillari hamda institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Ta'kidlash o‘rinliki, John Deere kompaniyasining mazkur o‘quv markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 31 iyulda imzolangan «Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta'minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroridan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etildi.

Institut rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor O‘ktam Umurzoqov tantanali marosimda so‘zga chiqar ekan, «Institut bugungi juda katta raqobat sharoitida qishloq va suv xo‘jaligi uchun ilg‘or texnologiyalarni biladigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlashni o‘z oldiga asosiy maqsad va vazifa qilib qo‘ygan».
«Hozirda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnika va texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, mazkur texnika va texnologiyalar bilan ishlay oladigan muhandis kadrlar tayyorlashni talab etadi. Bunday vazifani bajarishda esa, nafaqat AQSh, balki dunyoda o‘z ilg‘or texnologiyalari va zamonaviy texnikalari bilan mashhur bo‘lgan John Deere kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy dileri hamkorlik qo‘lini cho‘zdi. O‘ylaymizki, John Deere kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirayotgan bu ishlarimiz, sohada ta'lim sifatini yanada oshirishga va qishloq xo‘jaligi uchun eng yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi», - dedi institut rektori O‘ktam Umurzoqov.
«Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev «O‘zagrotexsanoatxolding» kompaniyasiga tashriflari chog‘ida har bir zavodda oliy o‘quv yurtlarining fakultetlarini, oliy o‘quv yurtlarida esa, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan ishlab chiqilayotgan texnikalarning o‘quv sinflari, maketlarini tashkil etishga doir topshiriqlarni bergan edi. Ushbu topshiriqning ijrosi yuzasidan dunyoning eng yirik qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi John Deere kompaniyasi o‘z o‘quv markazini ochdi.
















