Siz har kuni ishga borasiz va o‘z vazifangizni vijdonan to‘liq ado etasiz, ammo maoshingiz ko‘tarilmaydi, mansab pillapoyalaridan ildamlash ham negadir ortga surilmoqda. Balki hamma gap kognitiv tuzoqlardadir — mulohaza yuritishdagi vaziyatni adekvat baholashga va ishonchli qarorlar qabul qilishga xalaqit beruvchi xatoliklar. Aynan qaysi yanglishliklar sizning faoliyatingizga to‘sqinlik qilayotgani va ularni to‘g‘rilashga oid fikrlar bilan o‘rtoqlashamiz.

1. Harakatsizlikni noto‘g‘ri baholash

XX asrning 90-yillari boshida olimlar qiziqarli tajriba o‘tkazishdi. Ishtirokchilar o‘zlarini bemor taqdirini hal qiluvchi shifokor sifatida tasavvur qilishlari kerak edi. Ular oldida tanlov bor: 15 foiz holatda o‘limga olib boruvchi davolash kursini tashkil etish yoki hech qanday muolaja buyurmaslik, ammo bunda bemor hayotdan ko‘z yumish ehtimoli 20 foiz.

Olimlarning fikricha, bunda o‘ylab ko‘radigan narsaning o‘zi yo‘q — davolashni tanlash kerak edi. Aynan shu holat bemorning hayotda qolish imkoniyatini bir muncha oshiradi. Ammo tadqiqot qatnashchilarining 13 foiz qismi boshqacha fikrda edilar va harakatsizlikni ma'qul ko‘rishdi: ularning nazdida inson o‘limiga javobgarlik hissi bu tanlovda kamroq bo‘ladi. Shuningdek, taxminiy bemorning muolajalar natijasida o‘lishi xavfi qancha baland bo‘lsa, «shifokor»lardagi hech narsa qilmaslik tanlovi shuncha ortgan.

Ushbu kognitiv tuzoq ham shunday ataladi: harakatsizlikka noto‘g‘ri baho berish. U sababli biz javobgarlik olish va qaror qabul qilishdan qo‘rqamiz, hech narsa qilmaslikni tanlab tavakkal qilamiz.

Urinib ko‘rish va nimanidir o‘zgartirishga harakat qilishdan ko‘ra qimirlamay harakatsizlikni davom ettirish bizga ishonchli va xavfsizroqdek tuyiladi. 

Emlashlarga qarshi insonlar bunday xatti-harakatning klassik ko‘rinishi hisoblanishadi. Ota-onalar orasida vaksinatsiyaning ikkinchi darajali ta'sirlaridan xavotirga tushish va o‘z bolalarini har qanday emlatishdan voz kechuvchi insonlar uchrab turadi. 

Biroq harakatsizlikka noto‘g‘ri baho berish faqatgina salomatlikka bog‘liq muammo emas. U ishda ham paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, biz qiyin loyihani olishga yoki qandaydir yangi va nostandart g‘oya berishga ikkilanamiz, buning o‘rniga burchakka mixlanib «komfort»da qolishni tanlaymiz. Demakki, o‘zimizni karera o‘sishidan va puldan mosuvo qilamiz.

Yana bir o‘xshash yanglishlik mavjud: status-kvoga (hozirgi yoki oldingi holat) nisbatan yon berish, ya'ni bu holatda kelajakda sodir bo‘lishi mumkin tanaffuslar va qiyinchiliklardan ko‘ra hozirgi vaziyat yaxshiroq va ishonchliroq tuyiladi.