10:26 / 03.03.2020
0
9395

Imom Abu Mansur Moturidiy – islom dini ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan olim

Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Samarqand shahar hokimligi

Ushbu konferensiyada dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan olimlar, diniy ulamolar ishtirok etmoqda.

Xususan bugun, tadbirning birinchi kunida Forumlar saroyida xalqaro konferensiyaning yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ukraina bosh imom xatibi, muftiysi Ahmad Tamim konferensiyaning ahamiyati haqida to‘xtalib, quyidagilarni gapirdi:

“Mazkur konferensiyada qatnashish barcha musulmonlar qatori meni ham xursand qilmoqda. Aytish lozim, Imom Abu Mansur Moturidiyning islom dini ravnaqiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. U zot Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan, hadis va fiqh ilmining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan. Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan diniy arboblardan hisoblanadi. Chunki, alloma yashagan davrda, islom dinida turli guruh va firqalar soni ko‘payib ketganligi sababli ko‘plab ixtiloflar kelib chiqqan. Ana shunday vaziyatda Imom Moturidiy islom dinning asl mohiyatini ochib berish, sof islomiy aqidani saqlab qolish borasida beqiyos ishlarni amalga oshirgan. Mazkur tadbir buyuk imomning ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonaman”.

Konferensiya qatnashchilari bugun “Moturidiya ta'limoti va hozirgi zamon” hamda “Zamonaviy davlat sharoitida diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish” mavzuida ikki sho‘'baga bo‘lingan holda faoliyat olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro konferensiya 5 martga qadar davom etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top