Fan-texnika | 15:39 / 02.03.2021
7545
2 daqiqa o‘qiladi

Volvo 2030 yilga borib faqat elektromobillar ishlab chiqarmoqchi

Kompaniya 2020 yilda XC40 Recharge deb nomlangan elektromobili sotuvini boshlagandi. 2025 yilga kelib Volvo Cars sotuvining 50 foizini elektromobillar tashkil etishi rejalashtirilgan.

Foto: AP/TASS

Shvetsiyaning Volvo Cars kompaniyasi 2030 yilga kelib faqat elektromobillar ishlab chiqarish va bozorda yetakchi bo‘lishni rejalashtirganini ma'lum qildi. Kompaniya bu davrga kelib barcha ichki yonuv dvigatelli avtomobillarini modellar qatoridan chiqaradi.

Elektromobillar ishlab chiqarishga to‘liq o‘tish Volvo kompaniyasining iqlimni saqlash bo‘yicha rejasining bir qismi hisoblanadi.

Kompaniya yuqori sifatli quvvatlash stansiyalari kengayishi hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar hisobiga elektromobillarga bo‘lgan talab oshishini kutmoqda.

Volvo shuningdek, faqat onlayn sotib olish mumkin bo‘lgan elektromobillar chiqarishni rejalashtirganini e'lon qildi.

Kompaniya 2020 yilda XC40 Recharge deb nomlangan elektromobili sotuvini boshlagandi. 2025 yilga kelib Volvo Cars sotuvining 50 foizini elektromobillar tashkil etishi rejalashtirilgan.

Shvetsiya kompaniyasi 1927 yildan buyon faoliyat yuritadi va dunyoning yuzga yaqin mamlakatida o‘z avtomobillarini sotadi. Kompaniyada 40 mingga yaqin kishi ishlaydi. 2010 yilda Xitoyning Zhejiang Geely Holding kompaniyasi Volvo Cars’ni sotib olgan.

Volvo 2020 yilda 661 713 dona avtomobil sotgan.

Mavzuga oid