11:06 / 12.04.2021
3249
«Hududiy elektr tarmoqlari» raisi: «Ayni vaqt ta'minot yuzasidan eng yaxshi kunlar»

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev Kun.uz muxbiriga elektr energiyasi ta'minoti bo‘yicha mamlakat bo‘ylab vaziyat qandayligi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

“Sohamiz uzluksiz tanqidlarga nishon bo‘ladi, buni to‘g‘ri tushunamiz. Kimning uyida svet bo‘lmasa, albatta, e'tiroz bildiradi-da, qolgani iste'molchiga qiziq emas-ku. Lekin e'tibor bersangiz bugun, ya'ni bahor kunlarida ana shunday tanqidlar deyarli yo‘q. Sababi aniq, iste'mol kam. Oddiy tilda tushuntirsam – pechkalar o‘chirilgan, konditsionerlar hali yoqilmagan. Ayni vaqt ta'minot yuzasidan eng yaxshi kunlar hisoblanadi.

Bu gaplarim bilan uzilishlar umuman yo‘q, demoqchi emasman. Bor, albatta. Lekin ular cheklovlar sababli emas, texnik muammolar tufayli. Ya'ni, ataylab o‘chirilmayapti.

Men ko‘p marta aytganman, elektr energiyasi saqlab turiladigan mahsulot emas. Bugungi kunlar shu gapimga misol bo‘la oladi. Ya'ni, biz elektr energiyasini kimgadir bermay, yashirishdan manfaatdor emasmiz. Aksincha, qancha ko‘p yetkazib bersak, shuncha ko‘p foyda olamiz. Albatta, narxlar oshirilmadi, davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra bir maromda ushlab turilibdi. Shunga qaramay ishlab chiqarish xarajatlari oshyapti.

Biz ana shu ramziy ma'nodagi yaxshi kunlarda kelajakdagi sinovli kunlarga tayyorgarlikni kuchaytirishimiz kerak”, dedi Ulug‘bek Mustafoyev.

Joriy yil 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari energetika vaziri Alisher Sultonovga yil yakunigacha elektr energiyasi va gaz bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘lishi borasida savol bergandi. Vazir bunga javoban qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizim tiklanishini ma'lum qildi.

“Oldingidek kuz yoki qish degan mavsumlar bo‘lmayapti. Chunki yoz oylarida ishlatilayotgan sovitish tizimi hisobiga issiq davrda ham “pik” bo‘lyapti. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga bu yildan boshlab zarur talabni qondira oladigan bo‘lamiz. Buning uchun qo‘shni davlatlar bilan oldin ishlagan yaxlit tizimni ham tiklayapmiz”, deya javob bergan vazir.

Top