08:01 / 06.10.2021
6592
Turkmanistonda «UzAuto Motors» avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

2021 yil 4 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-turkman forumi doirasida «O‘zavtosanoat» va «Turkmaniston-Motors» Turkmaniston hududida avtomobil, qishloq xo‘jaligi va tirkama uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida memorandum imzoladi. 

Turkmaniston tomoni O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatini yuqori baholadi va tomonlar Turkmanistonda transport vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Memorandum doirasida «Turkmaniston-Motors» ishlab chiqarish obektlarida «UzAuto Motors» avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzish rejalashtirilgan. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik Turkmanistonda avtomobil komponentlari ishlab chiqarishni va eksport bozorlariga sotishni tashkil qilishni ham nazarda tutadi.

Bundan tashqari, «O‘zavtosanoat» tizimiga kiruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan boshqa transport vositalari (pikaplar, yuk mashinalari va avtobuslar), qishloq xo‘jaligi va tirkama uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top