11:17 / 06.07.2022
7892
Toshkent shahrida yangi arxeologik yodgorlik topildi

Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ibrat mahallasida o‘tkazilgan arxeologik kuzatuv-qidiruv ishlari natijasida qadimiy sopol idishlar va g‘ishtlar topildi.

Foto: academy.uz

Chirchiq daryosining o‘ng tomonida, daryo o‘zanidan 220 metr uzoqlikdagi «Changallik» qabristoni shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga qadar cho‘zilgan. Uning uzunligi 390 m, kengligining qisqa joylari 75 m, eng keng joyi esa 125 m. Qabristonning o‘rtasida balandligi 2 metr, yer maydoni 0,44 gektar keladigan to‘rtburchak shakldagi tepalik ajralib turadi. 

Tepalik ko‘zdan kechirilganda uning arxeologik yodgorlik o‘rni ekani aniqlangan. Tepalik sirtidan IX-X asrlarga oid bo‘lgan sirlanmagan, qora bo‘yoqli, tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari va 20x20x35 santimetr hajmdagi pishgan g‘ishtlar topilgan.

Shuningdek, tepalikda arab harflari o‘yib yozilgan marmartoshlar aniqlangan. Qabrtoshdagi yozuvlarga qaraganda ular hijriy 1295, 1313 va 1317 yilda vafot etgan shaxslarga atab qo‘yilgan. Milodiy yil hisobida bu XIX asrga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, qabriston qorovuli tomonidan topilgan ko‘zacha ham davlat muzeyiga topshirish uchun olingan.

Topilmalar «Changallik» qabristonining arxeologik yodgorlik ekanini, IX-X asrlarda qishloq o‘rni bo‘lganini, XIX asrdan boshlab qabriston vazifasini o‘tab kelayotganini ko‘rsatgan.

Mavzuga oid
Top