09:26 / 21.07.2022
2794
Rossiya sudi Yevgeniya Albats va The New Times jurnalini «feyklar» to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha jarimaga tortdi

Jarimalarning umumiy miqdori 670 ming rublni tashkil etdi. Mart oyida The New Times bosh muharriri 120 ming rubl jarimaga tortilgan edi.

Yevgeniya Albats / Foto: Picture Alliance

20 iyul, chorshanba kuni Moskvaning Simonovskiy sudi The New Times jurnali asoschisi va bosh muharriri Yevgeniya Albatsni Rossiya rasmiylari ishonchsiz deb atayotgan, Ukraina bilan urush haqidagi ma’lumotni tarqatgani uchun jarimaga tortdi. Jarima miqdori 70 ming rublni tashkil etdi. Bu haqda huquqshunos Leonid Solovevga tayanib, «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Bundan tashqari, The New Times jurnali yuridik shaxs sifatida har biri 300 000 rubldan bo‘lgan ikkita jarimani to‘lashi kerak. Jurnalga nisbatan «feyk» ma’lumotlarni tarqatish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 13.15-moddasi 9-qismi) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Mart oyida The New Times bosh muharriri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning xuddi shu moddasi bo‘yicha 120 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan edi. 

Pavel Chikovning qayd etishicha, ikkala holat ham Ukraina bilan urush haqidagi matnlar bilan bog‘liq bo‘lib, 24 fevraldan keyin, ammo Rossiyada «feyk» ma’lumotlar to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilingan 4 martdan oldin chop etilgan. Yevgeniya Albatsning o‘zi tvitterda unga qarshi barcha ishlar ikkita material bilan bog‘liqligini aniqlashtirdi. U sud qaroriga e’tiroz bildirishini aytdi. 

2018 yilda The New Times jurnali OAVni moliyalashtirish haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagani uchun 22 250 000 rubl miqdorida jarimaga tortildi. O‘shanda Albats ishni soxtalashtirilgan deb atadi va jarimani to‘lash uchun pul yig‘ishini e’lon qildi. 

Mavzuga oid
Top