Avvalroq saytimizda e’lon qilingan “Taxminlarga quril(ayot)gan Toshkent: ko‘cha nomlari va bino raqamlarini qachon oson topamiz?” sarlavhali maqolada poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi binolarning raqamlanish holatlarini o‘rganib, shohko‘chaning 4 kilometrlik qismidagi 40 dan ortiq bino va inshootlarning 50 foizi ham raqamlanmagani guvohi bo‘lgan edik.

Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, 2020 yilning dekabr oyida Toshkent shahar hokimligi Telegram-kanalida “Siz yashaydigan ko‘chada (mavzeda) ko‘chaning yoki mavzening nomi keltirilgan ko‘rsatkich bormi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda qatnashgan minglab poytaxtliklarning yarmi ko‘cha yorliqlari yo‘qligini ma’lum qilgan. Demak, 2 yilda ham o‘zgarish deyarli yo‘q.

Foto: Telegram / Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimiyati Raqamli rivojlanish departamentining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tgan 2 yillik davr mobaynida tashkilot xodimlari mahallalar, ko‘chalarda yurib, bunday manzilsizlik va mantiqsizliklar sabablarini o‘rganishgan.

O‘rganishlar jarayonida 1860 yildan bugungi kungacha bo‘lgan arxiv hujjatlari, turli yillardagi xaritalar, Toshkent shahrining 1978, 1992 va 2005 yillarda nashr etilgan topoplanlari va boshqa ma’lumotlar o‘rganib chiqilib, tahlildan o‘tkazilgan.

Toshkent shahrining tarixiy xaritalari / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti

Ko‘cha yorliqlari shunchaki raqamlanib, devorga osib qo‘yish, degani emas. Yillarki oqsoqlanayotgan bu yo‘nalishda muammolar talaygina. Aytaylik:

– geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha filologiya, geografiya, tarix va tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan ekspertlar va mutaxassislarning jalb etilmayotgani;

– yangi obektlarga nomlar o‘z vaqtida berilmasligi;