00:50 / 22.11.2022
10018

Mirziyoyev Fransiyaning yetakchi kompaniya va bank rahbarlari bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot-xizmati

21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida, Parij shahrida yetakchi kompaniyalar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda «MEDEF» Fransiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gote, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniya va banklar rahbarlari ishtirok etdi.

Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, rasmiy tashrifning birinchi kunidagi tadbirlar ishbilarmonlik masalalariga bag‘ishlanganiga e’tibor qaratdi.

– Bu O‘zbekistonning muhim va ishonchli hamkorimiz – Fransiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qat’iyligidan yana bir bor dalolat beradi, – dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Prezident O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Jumladan, valuta bozori erkinlashtirildi, foydani repatriatsiya qilishga barcha cheklovlar bekor qilindi, banklar, yirik sanoat va infratuzilma obektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari faol joriy qilinmoqda. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish, sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda aniq choralar amalga oshirilmoqda.

- Har bir investor O‘zbekiston deganda, eng avvalo, barqarorlik va kelajakka ishonchni tasavvur qilishiga intilyapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Prezident jahondagi bugungi beqarorlik sharoitida manfaatlarni hisobga olish va o‘zaro ishonchga asoslangan ko‘p qirrali va konstruktiv sheriklikni rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Fransiya biznesining O‘zbekiston bozoriga chiqishi uchun katta istiqbollar ochilayotgani, O‘zbekistonning jozibadorligi Markaziy Osiyoda aholi soni bo‘yicha eng yirik davlatligi, mahsulotlar MDH ulkan bozoriga bojsiz yetkazib berilayotgani bilan ham izohlanishini qayd etdi.

O‘zbekiston fransiyalik tadbirkorlarni ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma bilan ta’minlash, imtiyozlar va kafolatlangan xaridlar ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlash va boshqa ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, «yashil» energetika, oziq-ovqat sanoati, kimyo va avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika tarmoqlari, sog‘liqni saqlash sohasini uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

Sheriklikni kengaytirish rejalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi va qaysi aniq loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bayon qildi.

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Shavkat Mirziyoyev Fransiya biznes delegatsiyasining har bir a’zosi bilan suhbatlashib, O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun eng qulay joy ekaniga ishonch hosil qilish uchun tadbirkorlarni mamlakatimizga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning mas’ul rahbarlariga tadbirda bildirilgan barcha tashabbuslarni o‘z ichiga olgan hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, aniq muddatlari va ijrochilari ko‘rsatilgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Top