Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi hech mubolagʻasiz tarixiy ahamiyatga ega ekanini chuqur mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Oʻzbekiston prezidenti Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi bugungi sammitning eng muhim natijasi boʻlganini qayd etdi. Oʻzbekiston yetakchisi taʼkidlaganidek, mazkur hujjat hamkorlikni chuqurlashtirish, bu borada mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda mushtarak kelajakni barpo etishga boʻlgan birgalikdagi intilishning ifodasidir.
Tashrif doirasida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmiga aylangan Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston rahbari Ozarboyjon iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini taʼkidladi. Ilhom Aliyevni Ozarboyjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.
Ijtimoiy infratuzilmasi jadal barpo etilib, hududida yangi ish oʻrinlari yaratilayotgan Qorabogʻni qayta tiklash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
– Ozarboyjon – ishonchli ittifoqchimiz, strategik sherigimiz va bizga qardosh davlat. Munosabatlarimiz zamirida yagona sivilizatsion kod – mushtarak tarixiy ildizlar, koʻp asrlik doʻstlik, oʻxshash madaniyat va anʼanalar mujassam, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Sammitga jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilgani taʼkidlandi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, Hududlar forumi samarali oʻtkazildi.
Muzokaralar davomida prezidentlar koʻp qirrali munosabatlarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qilib, Hukumatlararo komissiya hamraislarining asosiy yoʻnalishlar boʻyicha axborotlarini tingladilar.
Bular, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, madaniyat va boshqa sohalardir.
Tomonlar siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, parlamentlar va hukumatlar, tarmoq idoralari hamda hududlar oʻrtasidagi faol aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar.
Asosiy eʼtibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Bugun ushbu muhim marraga erishish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan tegishli dastur qabul qilindi.















