18:31 / 30.01.2023
20585

Pokistonda masjidda ro‘y bergan portlash oqibatida qariyb 60 kishi halok bo‘ldi

Hukumat masjid hududida xudkush terrorchi o‘zini portlatganini aytmoqda.

Foto: Fayaz Aziz / Reuters / Scanpix / LETA

Pokistonning Peshavor shahridagi masjidda portlash ro‘y berishi oqibatida kamida 59 kishi halok bo‘ldi va 150 dan ortiq kishi yaralandi. Portlash namoz vaqtida sodir bo‘lgan, binoning bir qismi qulagan va namozxonlarning ko‘pchiligi xarobalar ostida qolib ketgan.

Portlash sababi aniqlashtirilmoqda, ammo chorshanba kuni namozxonlar orasida politsiyachilar ko‘p bo‘lganidan kelib chiqib, rasmiylar bu qasddan sodir etilgan aksiya ekanini tusmol qilmoqda.

Maxsus xizmatlar vakiliga ko‘ra, namozxonlarning birinchi qatorida turgan terrorchi o‘zini portlatib yuborgan. Hozircha hech bir guruh ushbu portlash uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif portlash tashkilotchilarini qoraladi va ular islom diniga aloqador emasligini ta’kidladi. «Butun xalq terrorizm tahdidiga qarshi kurashda yagona frontda», degan u.

Portlash kunduzgi ibodat chog‘ida sodir etilgan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda hodisa oqibatida masjid devori qulab tushgani va omon qolganlarni xarobalar ostidan chiqarib olishga to‘g‘ri kelgani aks etgan.

Hozirda voqea joyida maxsus xizmatlar omon qolganlar va vafot etganlarni qidirish ishlarini olib borishmoqda.

Voqea joyi armiya va politsiya kuchlari tomonidan o‘rab olingan, hududda sapyorlar ham ish olib bormoqda.

«Bizning birinchi galdagi vazifamiz - xarobalar ostida qolib ketgan odamlarni qutqarish», degan Peshavor politsiyasi komissari o‘rinbosari Shafiulla Xon.

Peshavordagi ledi Reding nomidagi shifoxonada favqulodda holat e’lon qilingan - bu joyga yaradorlarni olib kelish davom etmoqda, olib kelinayotganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda, shifokorlar donorlardan qon topshirishni so‘ramoqda.

O‘tgan yil martida Peshavorda shialar masjidida portlash ro‘y berishi oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgandi. 

Islomobodda politsiya terrorchilik tahdidining yuqori darajasi haqida e’lon qilgan, poytaxtga kirish va poytaxtdan chiqishda o‘rnatilgan barcha blokpostlarda tekshiruv kuchaytirilgan.

Mavzuga oid
Top