15-oktabr kuni Pokiston shimoli-gʻarbidagi Peshovar shahrida xususiy maktab tomi qulab tushishi oqibatida oʻnlab oʻquvchilar halok boʻldi.
Reuters xabariga koʻra, hodisa oqibatida ikkinchi va uchinchi sinf oʻquvchilari boʻlgan 34 nafar bola vayronalar ostida qolib ketgan, shuningdek, qurbonlar orasida bir oʻqituvchi ham bor.
Yana 50 kishi turli darajada tan jarohati olgan, ulardan bir nechasining ahvoli ogʻir.
Shifoxonada maʼlum qilishlaricha, halok boʻlgan va jarohatlangan bolalarning barchasi 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlishgan.
Qutqaruv xizmati vakiliga koʻra, maktabning uchinchi qavati tomi oʻpirilib, uchinchi va ikkinchi qavatlar oraligʻidagi yopma ustiga tushgan va ular birgalikda sinfxonalardagi oʻquvchilarning ustiga qulagan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga besh daqiqa ichida yetib kelishgan, bir necha soat oʻtib qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan.
Peshovar politsiyasi boshligʻi Mian Said maktabda 110 nafar oʻquvchi boʻlganini bildirdi. Uning aytishicha, maktab konstruksiyasi mustahkam boʻlmagan binoda faoliyat yuritib kelgan. Maktab egasi hibsga olingan, u sodir boʻlgan voqeada tomga tushayotgan yukni oshirgan yomgʻirni ayblamoqda.
Associated Press nashri Pokistonda binolarning bunday qulashi tez-tez uchrashiga, chunki qurilishda koʻpincha sifatsiz materiallardan foydalanilishiga eʼtibor qaratgan. Biroq bugungi fojia mamlakat tarixidagi eng yirik fojia boʻldi.
Mahalliy rasmiylar voqea sabablarini tekshirish bilan shugʻullanadigan komissiya tuzilganini eʼlon qildi.















