18 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronga rasmiy tashrif bilan borib, bu mamlakat oliy rahbari Ali Xomaneiy va prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Tashrif doirasida 15 ta hujjat qabul qilindi.

Kun.uz muxbiri "Geosiyosat" dasturining navbatdagi sonida O‘zbekiston–Eron munosabatlari va aloqalarning 21 yillik tanaffusi mavzusida sobiq diplomat, siyosatshunos olim Shoislom Akmalov bilan suhbatlashdi.

— Eron va O‘zbekiston aloqalari doim ham a’lo darajada bo‘lmagan. Lekin so‘nggi vaqtlarda, ShHT deymizmi yoki bir qator xalqaro tashkilotlardagi ikki davlat munosabatlari iliqlashib borayotganini ko‘rib turibmiz. Umuman olganda, Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni qanday davrlarga bo‘lish mumkin?

— Davrlarga bo‘lish u qadar maqsadga muvofiq emas. Lekin tarixan olib qarab, bu masalaga batafsilroq javob berishga harakat qilaman.

1991 yilning bahorida, hali sobiq ittifoq tarqamagan paytda eronlik yuqori darajadagi siyosiy arboblar O‘zbekistonga kelib, mamlakatimiz bilan qiziqa boshlashdi. Ularning maqsadi – O‘zbekistonning qanday obro‘ga ega ekanini bilish, mustaqil bo‘lsa, keyingi taqdiri nimalar bilan, qaysi davlatlar bilan bog‘liq bo‘lishi, mintaqaviy geosiyosatda o‘rni qanday, degan masalalarga oydinlik kiritish edi.

Shoislom Akmalov

Mustaqil bo‘lganimizga endi 2 oy bo‘lgan paytda oyatulloh Humayniyning yaqinlaridan bo‘lgan oyatulloh Anziliy O‘zbekistonga kelib, O‘zbekiston bilan qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish mumkinligi, savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa tomonlama kuch-qudratini bilish uchun O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuning natijasi o‘laroq, Eron O‘zbekistonning mustaqilligini tan oldi (ba’zi hujjatlarda 1991 yil noyabr oyi, ba’zilarida elchixona ochilishi bilan bog‘lab, 1992 yil may oyi deb ko‘rsatiladi). O‘zbekiston Eron uchun mintaqadagi muhim, o‘z so‘ziga ega davlat sifatida tan olingan edi. Va ikki tomon diplomatlari hamkorlik yo‘lidan ketishdi.

O‘sha paytda, bir yil ichida qilingan ishlarning eng yuqori nuqtasi 1992 yili O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning Eronga tashrifi bo‘ldi. Men ham o‘sha delegatsiya tarkibida bor edim. Safar juda yaxshi o‘tdi. O‘sha paytdagi Eron prezidenti Ali Akbar Rafsanjoni va diniy ulamo Xomaneiy bilan bo‘lgan uchrashuvlardan Islom Karimov mamnun bo‘lgan edi. O‘zbekiston Eron orqali ochiq dengizga chiqishi masalalari ham ko‘rildi. O‘sha paytdagi mutasaddilar tomonidan imzolangan turli shartnoma va bitimlar ikki tomonning bir-biriga intilishi borligini isbotlab berdi.