Jahon | 10:02 / 25.06.2023
53273
24 daqiqa o‘qiladi

Gorbachyovning bu ishi hanuz tushunarsiz: Kreml nega Germaniyani NATOdan chiqishga majburlay olmagan?

Germaniyani NATO bag‘ridan sug‘urib olishni eplay olmagan Gorbachyov SSSRdan mustaqilligini birinchilardan bo‘lib e’lon qilgan Litva va Boltiqbo‘yining boshqa ittifoqdosh respublikalariga nisbatan kuch ishlatishda qattiq ikkilangan.

GFR kansleri Helmut Kol, Germaniya tashqi ishlar vaziri Hans-Ditrix Gensher va sovet davlati yetakchisi Mixail Gorbachyov Germaniya masalasida yakuniy tartibga soluvchi shartnomani yuvishmoqda. Moskva, 1990 yil 12 sentabr. Foto: Foto: Global Look Press

Shu kunlarda O‘zbekiston mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilinganiga 33 yil to‘ldi. Sovetlar ittifoqining parchalanishi oldidan ro‘y bergan evrilishlar asnosida 1990 yilning 20 iyunida O‘zbekistonning SSSRdan ajralib chiqishini nazarda tutuvchi mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangan edi.

Taniqli tarixchi va siyosatshunos, London iqtisodiyot maktabi professori Vladislav Zubokning 1993–1991 yillarda sovetlar ittifoqi parchalanishiga sabab bo‘lgan voqealar tahlil qilingan «Kollaps. Sovet Ittifoqining o‘limi» (Collapse: The Fall of the Soviet Union) kitobi rus tilida ham bosmadan chiqdi.

SSSR parchalanishi sabablari hikoya qilingan ushbu kitobning «Separatizm» bobidagi «Germaniya va Litva» bo‘limida GFR va GDRning qo‘shilishi, shuningdek, Litvada sodir bo‘lgan voqealar tasvirlangan. 33 yil avval bo‘lib o‘tgan qizg‘in voqealar o‘quvchilarni befarq qoldirmasligi tayin.

Oldinga o‘tib aytish mumkinki, garchi G‘arb yetakchilari Germaniyaning birlashuvini yoqlashgan bo‘lsa-da, SSSRning parchalanishini, xususan, Boltiqbo‘yi respublikalarining SSSRdan ajralib chiqishini umuman yoqlashmagan va qo‘llab-quvvatlashmagan. Hattoki, AQSh rahbari Litvada kuch ishlatilishiga ham qarshi emasligiga shama qilgan.

* * *

1990 yilning 26 yanvarida Gorbachyov o‘z kabinetida tor doiradagi odamlarni to‘plab, Germaniyada sodir bo‘layotgan voqealarni muhokama qiladi. Berlin devori qulagach, Germaniya Demokratik Respublikasida yuz berayotgan, avvaldan taxmin qilinmagan va misli ko‘rilmagan kollaps uning «umumevropa uyi»ni bosqichma-bosqich qurish bo‘yicha rejalarini chilparchin qildi. Germaniyaning birlashuvi uchun yillar emas, qanaqadir oylar ketishi ayon bo‘lib qolgan edi.

Yig‘ilish hayratlanarli tarzda sokin va pragmatik tarzda o‘tgan. Gorbachyovning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Chernyayev birinchi so‘zga chiqqan. U Kreml Germaniya birlashuvining oldini ololmasligini ta’kidlab, yagona real variant — kansler Kol bilan hamkorlik qilib, Potsdam kelishuviga ko‘ra 1945 yildan buyon qo‘shinlari Germaniyada hozir bo‘lib turgan g‘arbning uch barqudrat davlati bilan Germaniya masalasini tartibga solish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish ekanligini aytadi.

Gorbachyov sovet ittifoqi Germaniyaning birlashuviga intilishiga to‘sqinlik qilish uchun «ma’naviy haqi» yo‘qligini aytib, bunga rozi bo‘ladi, shuningdek, Germaniyaning birlashuvi SSSR ham kiradigan «umumevropa uyi» tuzilishi bilan hamohang tarzda ro‘y berishi kerakligini xohlaydi.

«Hech kim birlashgan Germaniya NATOga a’zo bo‘lishidan umid qilmasligi kerak. Bizning qo‘shinlar o‘sha yerda bo‘lib turishi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Qachonki amerikaliklar o‘z qo‘shinlarini olib chiqsagina biz ham olib chiqamiz. Ular esa hali-veri bu ishga qo‘l urishmaydi», — degan Gorbachyov.

Amerikaliklarning esa rejasi biroz boshqacha edi. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Brent Skoukroftning yodga olishicha, amerikaliklar Mixail Gorbachyov «Helmut Kolga rad etib bo‘lmas taklif bilan chiqishi mumkinligi»dan xavotirlanishgan. Gap Germaniyaning neytral statusi evaziga uning birlashuviga rozilik berish haqida borgan.

«Haligacha Gorbachyov nega bunday qilmaganini tushunmayman, — degan Skoukroft oradan yillar o‘tib. — Germaniyaning neytral davlat bo‘lishi NATO parchalanishiga va Amerika qo‘shinlari Yevropadan olib chiqilishiga olib kelardi».

1989 yil dekabr oyi boshlarida Gorbachyov va katta Jorj Bushning Maltadagi sammitidan so‘ng AQSh prezidenti Helmut Kol bilan uchrashgan va Germaniyaning birlashuvini qo‘llab-quvvatlashini unga bildirgan. U kanslerning Germaniya NATO a’zo bo‘lib qolaverishi to‘g‘risidagi va’dasini ham olgan. Ikki yetakchi umumiy maqsadlari sovet qo‘shinlarini Sharqiy Yevropa va Sharqiy Germaniyadan chiqarish ekani haqida kelishib olishadi. Ular har bir harakatni o‘ylab amalga oshirish, Gorbachyovning hokimiyat tepasida uzoqroq qolishida yordam berishga ham kelishishadi.

5 fevral kuni Helmut Kol GDRga GFR bilan valuta ittifoqi tuzishni taklif qiladi — bu taklif katta quvonch bilan kutib olinadi va 1990 yilning 1 iyulidan kuchga kiradi. Kansler juda katta xarajatlarga qo‘l uradi va GDRning devalvatsiya qilingan markalarini GFR markalariga 1:1 kursi hisobida almashtirib berishni va’da qiladi. Bu zamonaviy tarixdagi eng katta «pora» edi va Markaziy Yevropadagi kuchlar muvozanatini buzib yuboradi. Sharqiy Germaniyada xizmat qilayotgan, GDR markalarida maosh olayotgan sovet qo‘shinlari zobitlari ayniqsa bundan katta foyda ko‘rishadi.

Kolning bu qadami Gorbachyovning oldiga og‘ir masala qo‘yadi: yo sovet qo‘shinlarining ta’minoti uchun valuta axtarib topish yoki ularni GDRdan chiqarish kerak. Birinchi imkonsiz edi, chunki SSSRning valuta zaxiralari tugab borayotgan edi, ikkinchisi uning prezidentligiga nuqta qo‘yishi mumkin edi.

9 fevral kuni AQSh davlat kotibi Jyems Beyker Gorbacheyovga Germaniyaning birlashuvi haqida tushuntirish uchun Moskvaga uchib keladi. U ritorik savolni o‘rtaga tashlaydi: sovet davlati xavfsizligi uchun qay biri yaxshi — bloklardan xoli va beqaror Germaniyami yoki NATO tarkibidagi barqaror Germaniya? AQSh davlat kotibi NATOning yurisdiksiyasi va harbiy ishtiroki «sharqiy yo‘nalishda bir dyuymga ham siljimasligi» haqida Gorbachyovni ishontiradi. Keyinchalik Gorbachyov bu va’da Germaniya bo‘yicha bo‘lajak kelishuvlarning yadrosi bo‘lganini ko‘p ta’kidlagan. Biroq o‘shanda u Beykerga shunchaki «NATO zonasining kengayishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degan xolos.

Ko‘p sonli tanqidchilar keyinchalik Gorbachyovni Beykerning va’dasidan foydalanishda no‘noqlik qilganlikda ayblaydi. Gorbachyov esa tanqidchilaridan farqli o‘laroq, o‘zining muzokara pozitsiyalari o‘shanda naqadar ojiz bo‘lganini juda yaxshi bilardi.

Kol ham ertasi kuniyoq Gorbachyov bilan uchrashish uchun Moskvaga uchib keladi. Sovet yetakchisi Germaniya neytralligi, Germaniyaning mavjud chegaralarini tan olish, Yevropadagi umumiy vaziyat va sovet iqtisodiy manfaatlari doxil «realliklar kontekstida» Germaniyaning kelajagini nemislarning o‘zi hal qilishi kerakligini aytib, uni xursand qiladi. Kol barcha «realliklar»ga rozi bo‘ladi, faqat neytrallikdan boshqa — u Germaniya NATO a’zosi bo‘lib qolishini ta’kidlab turib oladi. Bu gaplar bilan birga kansler yana bir muvaffaqiyatli yurish qiladi — u Gorbachyovga alohida munosabatlar taklif etadi: «Agar sizda qandaydir muammolar paydo bo‘lsa, men birinchi signalga ko‘ra bir necha soat ichida siz bilan shaxsan uchrashaman».

Og‘ir vaziyatlarni boshidan o‘tkazgan qayta qurish muallifi bunday taklifga juda muhtoj edi. Beyker va Kol sovet to‘lov balansi halokatli ahvolda ekanini juda yaxshi bilishardi. Qattiq valutaning asosiy manbasi bo‘lgan sovet neft va gaz sanoatida ishlab chiqarish pasayishi, tabiiyki, daromad kamayishi prognoz qilinayotgandi. Neft narxlari ham o‘shanda g‘alati tarzda juda past edi. 1989 yilning dekabridan boshlab G‘arb banklari ilk marta sovetlarning tijorat kreditlariga buyurtmasini qabul qilmay qo‘ygan. Avstriya banklari va «Deutsche Bank» kabi azaliy hamkorlar SSSRning g‘arb kapital bozoriga yo‘lini yopib qo‘yishdi.

Bunga bosh sabab qilib SSSRdagi siyosiy beqarorlik va hokimiyatning markazdan respublikalarga o‘tishi kutilayotgani bo‘lgan. G‘arb bankirlari bir necha yildan so‘ng aynan kim ularga pullarini qaytarishini bilishni istashgan. Bu vaqtda davlat korxonalari, birlashmalari va kooperativlarning eksport tushumi ayyorona sxemalar bo‘yicha ofshorlar tomonga oqib, sovet budjetiga tushmay qo‘ygan. Import hajmi esa kundan kunga o‘sib borardi.

Kredit krizisiga duchor bo‘lgan SSSR davlat banki oltin va olmoslar ko‘rinishidagi kafolat bilan valuta izlab topish uchun «svop» operatsiyalarini tashkillashtirgan. Bu ham yordam bermagan — to‘lov balansidagi tuynuk tobora kengayib borayotgan edi. Sovet portlariga g‘alla va boshqa import tovarlarni yetkazayotgan yuk kemalari haftalab fraxtovka uchun to‘lovni kutib turib qola boshlagan.

1990 yil fevrali oxirlarida Kol va Bush yana Kemp-Devidda uchrashib, o‘z rejalarini solishtirib olishadi. Moskvadagi g‘arb manbalari Sharqiy Germaniyaning yo‘qotilishi va NATOning sharq tomon siljiy boshlagan sharpasi ruslarning qattiq qarshiligini keltirib chiqarib, Gorbachyovning taxtdan ag‘darilishiga olib kelishi mumkinligini xabar qila boshlashadi. Bush va Skoukroftni ayniqsa sovet harbiylarining kayfiyati tashvishga solardi. AQSh prezidenti va kansler Gorbachyovning nufuzi va holatini himoya qilib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga kelishib olishadi. Bir vaqtning o‘zida Bush sovetlar devorga tirab qo‘yilganini ta’kidlaydi: «Bularning barchasi pul masalasiga borib taqaladi. Ularga pul kerak».

Kolning valuta ittifoqi Gorbachyovni iyul oyigacha yechim topishga majburlardi. Bu esa may oyi oxiriga mo‘ljallangan, Vashingtonda o‘tadigan sovet-amerika sammitida G‘arbning Germaniya va NATO bo‘yicha pozitsiyasiga rozi bo‘lishi mumkinligini anglatardi.

* * *

Gorbachyov uchun yana bir ulkan boshog‘riq Litva edi. 11 mart kuni o‘tgan respublika saylovlarida milliy mustaqillik tarafdorlari g‘alaba qozongach, Litva parlamenti urushgacha bo‘lgan Litvaning suvereniteti va konstitutsiyasini tiklash bo‘yicha deklaratsiya e’lon qiladi. Deputatlar «Litva davlati»ni tiklovchi saksonga yaqin qonunlar va qarorlarni birato‘la tasdiqlab yuborishadi.

Litvaliklar Bush va Kol imkon qadar qochishga harakat qilgan narsani amalga oshirishadi — Gorbachyovni burchakka qisib qo‘yishadi. Vilnyus konservatoriyasining sobiq professori Vitautas Landsbergis milliy majlis raisi etib saylanadi.

Sovet rahbariyati nima qilishni bilmasdi — Gosplan rahbari Yuriy Maslyukov Litva oldiga ultimatum qo‘yadi: SSSRdan chiqishlaringga ruxsat, biroq 1939 yilgi Molotov-Ribbentrop pakti imzolanganidan so‘ng Litvaga qo‘shib berilgan Vilnyus (Vilno) va Klaypedadan tashqari. SSSR Ministrlar soveti raisi Rijkov va Oliy sovet prezidiumi raisi Vorotnikov bu rus va ukrain millatchilarini qo‘zg‘atib yuborishi mumkinligini aytib, e’tiroz bildirishadi.

Kutilmaganda Rijkov Andropovning eski loyihasini eslab qoladi — milliy avtonomiyalarni bekor qilib, respublikalarning suverenitetini yuvib yuborish. Gorbachyovni prezident etib tayinlagan o‘sha s’yezd Litvaning mustaqilligini «noqonuniy» deb topadi va Gorbachyovga Litva hududida «SSSR va ittifoqdosh respublikalarning huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash» vakolati ham beriladi.

Gorbachyov iqtisodiyot va kommunikatsiyalarga oid muhim obektlar ustidan Moskva nazoratini ta’minlash vazifasi bilan Litvaga sovet quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Valentin Varennkovni jo‘natadi. Moskvaga qaytib kelgach, u Litvada prezidentlik hokimiyatini o‘rnatish, mamlakatda saylangan parlament o‘rniga hokimiyatni harbiylar o‘z qo‘liga olishi kerakligini taklif qiladi.

Bu variant Siyosiy byuroda 22 mart kuni muhokama qilinadi. Markaziy komitet kotibi Ligachyov va mudofaa vaziri marshal Yazov zudlik bilan harbiy operatsiya o‘tkazishga chaqirishadi — ular vaqt ayirmachilar foydasiga o‘ynayotganidan cho‘chishayotgandi. Rijkov e’tiroz bildiradi. Uning fikricha, asosiy xavf Litva ayirmachiligi emas, Rossiya ayirmachiligida edi. Rijkov agar Yelsin va Moskva muxolifati vakillari RSFSRda hokimiyat tepasiga kelib qolsa, ularga «Sovet  ittifoqini parchalash, partiya va davlat rahbariyatini ag‘darib tashlash uchun u qadar katta kuch ham kerakmasligi»ni ta’kidlaydi. Yakovlev sukut saqlardi — Boltiqbo‘yi aholisini tinchlantirish siyosati o‘tgan marta uning hamkasblari oldida obro‘si tushishiga sabab bo‘lgandi. Gorbachyov barchani eshitar, lekin o‘z pozitsiyasini tilga olmasdi.

Chernyayev Siyosiy byuro yig‘ilishini ezilgan holda tark etadi. Voqealar unga 1698 yilda Chexoslovakiyaga sovetlarning bostirib kirish arafasidagi voqealarni eslatardi. Agar Gorbachyov «Litvada qirg‘in uyushtirsa, men nafaqat ketaman, yana nimalargadir qo‘l urishim mumkin», deb yozgandi u o‘z kundaliklarida.

Oradan bir necha kun o‘tib, Estoniya Oliy soveti respublikada SSSR hokimiyatini noqonuniy deb topadi va mustaqil eston davlatini «qayta tiklaydi».

SSSR Oliy soveti nihoyat respublikalarning ittifoqdan ajralib chiqishi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu murakkab va ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon agar respublikadagi saylovchilarning uchdan ikki qismi referendumda ajralib chiqishni yoqlab ovoz bersagina mumkinligi belgilanadi. Boz ustiga, boshqa ittifoqdosh respublikalarning hamda SSSR s’yezdining ma’qullovi ham kerak edi. Boltiqbo‘yiliklar buni mustaqillik sari yo‘llariga qo‘yilgan tuzoq o‘laroq baholashadi. Boshqa tomondan, yuridik nuqtayi nazardan bu vakolatlarning markazdan respublikalarga konstitutsion yo‘l bilan berilishi sari yana bir qadam bo‘ladi.

9 aprel kuni Gorbachyov yana Litvani muhokama qilish uchun prezidentlik kengashini chaqiradi. Asosiy xulosalar haqida KGBdan Kryuchkov va ichki ishlar vaziri Vadim Bakatin hisobot berishadi. Kryuchkov mujmal qilib so‘zlaydi — u kuch ishlatishni istardi, biroq Gorbachyov bunga yo‘l qo‘ymasligini ham bilardi. Bakatin gapni aylantirib o‘tirmasdan, po‘stkallasini aytadi. U krizisni «faqat bir yo‘l bilan — kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilish kerak»ligini aytib, u yerda bundan boshqa hokimiyat richagi qolmaganini ta’kidlagan.

U Litvaning asosiy iqtisodiy aktivlarini Moskva nazoratiga olishni taklif qilib, neft va benzin yetkazib berishni to‘xtatish, litvaliklarni sovet mahsulotlarini xorijga sotishdan mosuvo etishni taklif etadi. Shuningdek, Moskva g‘arb yetakchilariga murojaat qilib litvaliklarni markaz bilan muzokara olib borishga ko‘ndirib berishni so‘rash tavsiya etiladi.

Bakatinning Litvaga iqtisodiy bosim uyushtirish taklifi harbiylardan tashabbusni tortib olishdek yangraydi. Mudofaa vaziri Yazov Bakatinning so‘zlarini ma’qullashga majbur bo‘ladi, biroq darhol ishga kirishish lozimligini talab qila boshlaydi: «Qanday chora qo‘llash haqida yana qancha bosh qotirish mumkin?! Menimcha, hammasini [harbiy yo‘l bilan] uch kun, boringki ana besh kun, uzog‘i bir haftada hal qilsa bo‘ladi».

Rijkov avval hammasini yetti o‘chlash lozimligini aytib, e’tiroz bildiradi. Prezidentlik boshqaruvi — bu «shunchaki tugmani bosib o‘rnatiladigan narsa emas... Odamlar ko‘tarilib ketadi, aniq ko‘tariladi va u yerda fuqarolar urushi bo‘ladi. Urush qancha cho‘zilishini hech kim aniq bilmaydi».

13 aprel kuni sovet hukumati Litva hukumatiga xat jo‘natib, ular o‘zlarining birtomonlama qabul qilingan qarorlarni ikki kun ichida bekor qilishi yoki boshqa respublikalardan borayotgan mahsulotlar uchun «erkin konvertlanadigan valuta»da to‘lov qilishlarini bildiradi. Bu ultimatum Litvaning mustaqillik deklaratsiyasini bekor qilishni talab qilmayotgan edi. Vilnyusdagi Milliy majlis muzokaralarni rad etadi. 18 apreldan boshlab Litvaga neft mahsulotlari yetkazib berish amalda to‘xtaydi.

G‘arbda «blokada» va «bo‘g‘ish» haqida gapira boshlashadi, lekin vaziyat aslida unday emasdi. Litvada benzin zaxiralari iyungacha yetardi, u odatda yetkazilgan gazning beshdan bir qismini olib turgandi. Respublika oziq-ovqat yetishmovchiligini his qilmayotgandi, chunki uni o‘zi ishlab chiqarardi. Chegarada to‘siqlar yo‘q edi va Litva Moskvani aylanib o‘tib, kooperativlar va korxonalar orqali boshqa respublikalardan tovarlar olishda davom etayotgandi.

6 aprel kuni SSSR tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze Bush bilan Ovalsimon kabinetda uchrashib, Litva bilan mojarolarda Moskvani qo‘llashni so‘raydi. Bush «kuch ishlatish yoki Litvani bostirish AQSh uchun muammo bo‘lishi»ni ta’kidlaydi. «Biz ellik yillik tarixning asirlariga aylandik», dedi AQSh prezidenti va tomonlarni «muloqot»ga chorlaydi.

Bundan bir necha kun o‘tib Kanada bosh vaziri Brayan Malruni bilan suhbatda Bush Litva va Moskva o‘rtasidagi mojarodan qattiq tashvishda ekanini tan oldi. Gorbachyov «Sharqiy Yevropa va Germaniyani boy bergani» uchun kuchishlatar tizimlarning qattiq tanqidi ostida qoldi, endi esa «Sovet ittifoqining ehtimolli parchalanashi» xavfiga duchor kelib turibdi, deydi Bush.

AQSh rahbari agar Moskvada Litvada kuch ishlatish ssenariysidan foydalansa, Amerika hokimiyati sovet rahbariyatidan yuz o‘girmasligiga ham shama qiladi. «Hattoki eng yomon variantda ham biz hammasini avvalgi o‘zanga qanday qilib qaytarish haqida o‘ylashimizga to‘g‘ri keladi», deydi katta Jorj Bush.

Landsbergis AQSh hokimiyati uning tarafini olmasligidan shubha qilib turgan edi. U Oq uy administratsiyasini «Yangi Myunxen» qilishayotganlikda ayblab, g‘arb yetakchilarining Gorbachyovga yordamini Hitlerning 1938 yilgi Chexoslovakiyadagi agressiyasi g‘arb davlatlari tomonidan osongina hazm qilib yuborgani bilan solishtira boshlaydi. Boltiqbo‘yidan kelib chiqqan amerikaliklar va Kongressning ayrim a’zolari Litva mustaqilligini zudlik bilan tan olishni talab qilib, SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar e’lon qilishga chaqira boshlashadi.

Bu Bush va Skoukroftni nihoyatda g‘azablantirardi. Skoukroftning eslashicha, «boltiqbo‘yiliklar olovga yog‘ sepishardi… Aslida, Boltiqbo‘yi davlatlarining mustahkam mustaqillikka erishishi uchun yagona yo‘l Kremlning roziligi edi. Bizning vazifamiz Moskvani shunga ko‘ndirish bilan bog‘liq edi».

Bush va Skoukroft kelib chiqishi boltiqbo‘yilik bo‘lgan amerikaliklar bilan uchrashib, Litva mustaqilligi kaliti Gorbachyovning hokimiyat tepasida qolishi ekaniga ishontirmoqchi bo‘lishdi. Biroq, boltiqbo‘yiliklar boshqa narsani ta’kidlab, qaysarlik qilishdi: «Litvaning mustaqil bo‘lishi Rossiyaning ham ozod bo‘lishi uchun yo‘l ochadi. G‘arbning bu boradagi qat’iy pozitsiyasi sovet konsevatorlarini ham jilovlaydi».

G‘arbiy Yevropa hukumatlari ham litvalik ayirmachilar oxirini o‘ylamasdan harakat qilyapti, degan fikrda edi. Sovet yetakchisiga Yevropadagi yangi va barqaror xavfsizlik arxitekturasi va yangi ittifoq qurish uchun ko‘proq vaqt berilishi kerak edi. «Gorbachyov uchun Litva kutilganidan 6–12 oy avvalroq sodir bo‘ldi», — deydi Germaniya tashqi ishlar vaziri Hans-Ditrix Gensher Bush bilan suhbatda.

«Biz litvaliklarni mulohazakor bo‘lishga chaqirishimiz kerak», — degan edi AQSh rahbari bilan uchrashuvda Fransiya prezidenti Fransua Mitteran. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet imperiyasidagi respublikalar birin-ketin ajralib chiqishni boshlashsa «Gorbachyov ketadi, uning natijasida harbiy diktatura vujudga keladi». Uning bu bahosi G‘arbda umumqabul qilingan bahoga aylanadi.

Mitteran va Bush mo‘’tadil litvaliklarga mustaqillikni e’lon qilish g‘oyasini kechiktirib turishni Kreml kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘llaridan biri sifatida taklif etishga kelishib olishdi. 24 aprel kuni Mitteran va Kol Litva rahbariyatiga shunday xulosalar bitilgan tegishli xatni jo‘natishdi. 26 aprel kuni litvalik ishchi Stanislovas Jyemaytis qat’iy norozilik belgisi sifatida o‘zini Moskvadagi Katta teatr oldida yoqib yubordi. G‘arbning Litva mustaqilligini tan olishni rad etishi va Gorbachyovning qat’iyati litvalik deputatlarni ham o‘ziga keltirib qo‘ydi.

4 may kuni Latviya Oliy soveti Litva va Estoniyaga qo‘shildi va 1940 yilgacha mavjud bo‘lgan mustaqil Latviya davlatini tiklashini e’lon qiladi. Latviya va Estoniyada aholining teng yarmi rusiyzabon edi va ular ajralib chiqishga tayyor emasdi. Bu respublikalar yetakchilari Moskva bilan muzokaralar o‘tkazishga qaror qilishadi.

O‘sha vaqtda Gorbachyovning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Georgiy Shaxnazarov yangi Ittifoq shartnomasini muhokama qilish uchun barcha respublikalar yetakchilarini dumaloq stol atrofiga yig‘ishni taklif qiladi. Ittifoqda qolishni istaganlar shartnomani imzolashadi, kimdir rad etsa, assotsiatsiyalangan a’zo statusini tanlashi va sovet energiya resurslari uchun to‘liq bahoda to‘lov qilishi mumkinligi aytiladi. Gorbachyovning yordamchisi shu yo‘l bilan gurji, arman va ozarboyjon ayirmachilarining hovurini ham biroz pasaytirish mumkin, deb ishonayotgandi. Ittifoq deb atalmish porox bochkasidagi Boltiq piligi faqat shu yo‘l bilan zararsizlantirilishi mumkin edi go‘yo.

Shaxnazarov prezidentlik hokimiyati Gorbachyovga respublika rahbarlarini yagona qo‘l ostida birlashtirib ushlashga izn beradi, deb hisoblayotgandi. Biroq Gorbachyov bor diqqat-eʼtiborini Litvaga qadab oldi, go‘yoki faqat u sovet davlatining asosiy muammosidek. «Men [barcha litvalik] ayirmachilarni ezib tashlayman», — deydi u.

18 may kuni Gorbachyov Landsbergisdan farqli o‘laroq, mo‘’tadil va oqil rahbar hisoblanuvchi Litva bosh vaziri Kazimira Prunskene bilan uchrashdi. Gorbachyov Prunskene Vilnyusga borib, parlamentini mustaqillik deklaratsiyasini muzlatishga ko‘ndirishini istardi. Prunskeneda Gorbachyov harbiylarning bosimiga taslim bo‘lgandek taassurot uyg‘otdi, shunda u g‘arb diplomatlariga Moskvadagi qat’iy kurs tarafdorlariga qarshi turishda yordam so‘rab murojaat qiladi.

Litva inqirozi va unga nisbatan sovet sanksiyalari davom etardi...

Mavzuga oid