16:24 / 11.10.2023
8606

Poytaxt metro vagonlarining 75 foizi foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan – “Toshkent metropoliteni”

Metropoliten tasarrufida hozirgi kunda 256 ta vagon mavjud bo‘lib, shularning 75 foizi 80-89 yillarda ishlab chiqarilgan. Mas’ullarga ko‘ra, bu vagonlarning xizmat qilish muddati o‘tgan bo‘lsa-da, ulardan hanuzgacha foydalanilmoqda.

Foto: Kun.uz

AOKAda 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgan metro poyezdlarining ayni vaqtdagi holati haqida ma’lumot berildi. “Toshkent metropoliteni” DUK bosh muhandisi Abdutohir Abduqodirov hozirda poytaxt metropolitenida 64 ta harakat tarkibi, 256 ta vagon mavjudligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, vagonlarning xizmat qilish muddati 31 yil deb belgilangan. Vaholanki, vagonlarning 196 tasi, ya’ni 75 foizi 80-89 yillarda ishlab chiqarilgan.

Abduqodirovning qo‘shimcha qilishicha, shu yillar davomida jami poyezdlarning 27 tasi modernizatsiya qilingan. Lekin umri uzaytirilgani bilan bu harakat tarkiblaridan foydalanish muddati o‘tib bo‘lgan, shunda ham ulardan foydalanib kelinmoqda.

“Shuning uchun bu jarayonda turlicha nosozliklar kuzatilib, buning ortidan e’tirozlar yuzaga kelmoqda”, – deydi metropoliten xodimi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, yangi harakat tarkiblarining 60 tasi yerusti halqa yo‘li va Chilonzor liniyasida xizmat ko‘rsatmoqda. Yilning oxirigacha yana 56 ta xuddi shunday yangi poyezdlarni sotib olish ko‘zda tutilgan. 2024 yilning o‘zida 104 ta vagon olib kelinishi reja qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil so‘ngigacha poytaxt metropoliteniga 14 ta yangi harakat tarkibi olib kelinishi haqida o‘tgan yili dekabrning oxirida ma’lumot berilgandi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, ularning birortasi hali keltirilganicha yo‘q.

Kelishi ko‘zda tutilayotgan yangi metro poyezdlari Rossiyaning «Metrovagonmash» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda 250-300 nafar yo‘lovchi bemalol ketishi mumkin bo‘ladi. Harakat tarkiblarining soni ortishi bilan intervalning 1,5 daqiqalargacha qisqarishi kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top