Yangi oʻquv yilida yoʻlovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida Toshkent metropolitenida yoʻlovchilar oqimining ortishiga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda, deb xabar berdi metropoliten rasmiy kanali.

Xabarga koʻra, kunning tigʻiz vaqtlarida barcha yoʻnalishlarda poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi:

Qayd etilishicha, harakat intervallari Chilonzor yoʻnalishida 1,5–2 daqiqagacha, Oʻzbekiston yoʻnalishida 3 daqiqagacha, Yunusobod yoʻnalishida 4 daqiqagacha va yerusti halqa yoʻli yoʻnalishida 7–8 daqiqagacha qisqartiriladi.

Shuningdek, 2026-yil davomida metropoliten vagon parkini 14 ta zamonaviy harakat tarkibi bilan toʻldirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar ularning 11 tasi metropoliten vagon parkiga yetkazib berilgan boʻlib, yaqin kunlarda yana 3 ta zamonaviy harakat tarkibining olib kelinishi kutilmoqda.

Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, bekatlarda xavfsizlikni taʼminlash hamda yoʻlovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida kunning tigʻiz vaqtlarida barcha 50 ta metro bekatida navbatchilik tizimi yoʻlga qoʻyilgan.