Toshkent shahrida 1 dekabrdan boshlab yo‘nalishli transport vositalarining harakati uchun mo‘ljallangan tasmalarda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi maxsus kameralar ishga tushdi, deb xabar berdi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Kameralar maxsus ajratilgan yo‘lakda («A» harfi chizilgan) sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan transport vositalarini qayd etadi. Qoidani buzganlarga nisbatan belgilangan tartibda avtomatik ravishda jarima qo‘llanilishi boshlangan.

Transport vazirligiga ko‘ra,  2023 yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 48,2 km alohida ajratilgan yo‘laklar tashkil etilgan. Belgilangan alohida yo‘laklarda bir kunda 16 ming avtobus qatnovi amalga oshirilib, ularda qariyb 600 ming yo‘lovchi tashilmoqda.