19:32 / 05.02.2017
71226

O‘tayotgan hafta O‘zbekistonda: yangi qarorlar, Toshkent bo‘ylab aylangan Mirziyoyev, navbatdagi lavozimiy o‘zgarishlar

Mana, navbatdagi hafta ham ortda qoldi. O‘tgan kunlar davomida O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va ko‘plab sohalarida qator o‘zgarishlar, yangiliklar sodir bo‘ldiki, ularning eng saralari bilan sizni umumiy tarzda tanishtirib o‘tamiz.

Islom Karimov xotirasi

30 yanvar kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning tug‘ilgan kuni mamlakat bo‘ylab keng nishonlandi.

Shu kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti, marhum Islom Abdug‘aniyevich Karimovning tavallud ayyomi kuni munosabati bilan prezidentning qizi Lola Karimova-Tillayeva Facebook sahifasida otasini xotirladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurdi. Bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida xalq o‘zining birinchi yurtboshisini xotirladi.

Shavkat Mirziyoyevning yangi qaror va farmonlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inson manfaatlari uchun xizmat qiladigan, xalq hayotini yanada yengillashtirishga qaratilgan muhim qaror va farmonlarga imzo chekdi. Prezident 30 yanvar kuni Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha qarorini imzoladi. 1 fevral kuni imzolangan «Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi  qarorda tadbirkorlarni Adliya vazirligi ro‘yxatga olishi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, davlat rahbari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qarorini imzoladi. 2 fevral kuni esa pensiyalar va stipendiyalarni naqd ko‘rinishda to‘lash haqidagi qaror imzolandi. 

Davlat rahbari Toshkent bo‘ylab aylandi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Jumladan, u poytaxtning Chilonzor tumanidagi yangi yo‘l o‘tkazgich qurilayotgan hududda bo‘ldi. So‘ngra Sergelida yer usti metrosi qurilishini borib ko‘rdi. Aynan shu tumandagi «Toshkent metallurgiya zavodi» xorijiy korxonasi qurilish loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbari ushbu tashriflar davomida Toshkentning 10 tumanida 10tadan ko‘p qavatli uylar qurilishini ma'lum qildi. Prezident Yakkasaroy texnoparkida rahbarlarga mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Davlat rahbari shu kuni Toshkentdagi muz saroyi qurilishi borib ko‘rdi hamda Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi. 


Lavozimiy o‘zgarishlar

Hafta davomida O‘zbekistonning yuqori tashkilotlarida, davlat boshqaruvi organlarida lavozimiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Masalan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari Senatga yangi senatorlarni taqdim etdi,Sobiq prokuror Qoraqalpog‘iston Respublikasi "Xalq qabulxonasi"ga rahbar bo‘ldi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga yangi rahbar tayinlandi. Bundan tashqari, Alisher Xo‘jayev O‘zMTRK rahbarligidan ketgan bo‘lsa, O‘zbekiston shaxmat Federatsiyasiga ham yangi prezident saylandi. Kuni kecha Samarqand shahri hokimi o‘zgardi. Lola Karimova-Tillayeva O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidentligiga qayta saylandi

Tanqid va tahlil

O‘tayotgan haftada ham jamiyatda ko‘zga tashlanayotgan qator muammolar tilga olindi. Jumladan, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida joylashgan “Surum” mahallasida, aniqrog‘i, Amanova ko‘chasida noqulay kelgan ob-havo oqibatida suv toshqini yuzaga keldi. Voqea joyidan fotoreportaj tayyorlandi.  Yangiyo‘lning 20 yildan beri ta'mirlanmagan ko‘chalari haqida so‘z yuritildi. “Samarqandda yo‘lni kim to‘sib qo‘ydi: hokim, prokuror yoki YHXB boshlig‘i?” maqolasi ham ko‘plab e'tiroflarga sazovor bo‘ldi.  “Nima uchun jurnalist o‘zining haq so‘zi uchun azob chekishi kerak?” maqolasida jurnalist va mansabdor shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar tilga olinadi.  Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan 97-maktab o‘quvchilari ota-onalaridan maktab oldidagi noqulayliklar bo‘yicha murojaat kelib tushdi va masalaga ham atroflicha to‘xtab o‘tildi.  “Portalga yozaman” yoxud unutilayotgan farosat” maqolasi o‘quvchilar tomonidan eng ko‘p qiziqish bildirilgan maqola bo‘ldi

Bundan tashqari...

O‘zbekistonliklar Belarus, Rossiya va Qozog‘istonga nos olib kirish taqiqlanganidan ogohlantirildi 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak" nomidagi kitobi "O‘zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi

23 yanvar kuni texnik-profilaktik ishlar o‘tkazilishi sababli vaqtincha to‘xtatilgan «Toshkent—Andijon—Toshkent» yo‘nalishida qatnovchi 61/62, 60/59–sonli yo‘lovchi poyezdlarining qatnovi qayta tiklandi. 

O‘zbekistonning ayrim yo‘llarida yaqin orada yangi qoida kuchga kirishi kutilmoqda. Avtomobillar bilan gavjum chorrahalarda harakatni yengillashtirish maqsadida, taqiqlovchi chiroq yonib turganda haydovchiga o‘ngga burilishga ruxsat beriladi. Ayni vaqtda bu loyiha sinovdan o‘tkazilmoqda

«Sport» telekanali Italiya va Fransiya chempionatlari translyatsiyasi huquqini sotib oldi

Top