O‘zbekiston | 21:44 / 15.07.2020
73358
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Toshkentdagi holatni sharmandalik deb baholadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan videoselektor o‘tkazib, joriy holat uchun rahbarlarni tanqid qildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida og‘ir sharoitdan chiqib ketgan viloyatlarni alohida sanab o‘tdi.

«Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jilovni bo‘sh qo‘yganimiz uchun vaziyatimiz mutlaqo hozirgi talabga javob bermay, odamlarning noroziligini keltirgani ham haqiqat.

Bugun alohida majlis chaqirganim bejiz emas. Bu yerda o‘tirgan rahbarlar, sizlar o‘zi hozirgi siyosatni tushunasizlarmi-yo‘qmi? Dunyoda qanday iqtisodiyot bo‘lyapti, vabo bilan qanday kurashilyapti, nimani tahlil qilyapsizlar, degan savol meni qiynaydi.

Mana, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida qanday og‘ir sharoitdan o‘sha yerdagi birinchi rahbarlar fidoyiligi uchun, qattiqqo‘lligi uchun chiqib ketyapmiz. Andijonda ham ahvol juda yomon edi. Samarqandda qanday vaziyatga keldik biz?

Toshkentda nima bo‘ldi? Toshkent viloyati nima bo‘ldi? Hokimlar va sektor rahbarlari o‘z hududidagi haqiqiy ahvolni umuman o‘rganmagan va pastga tushmagan. Sizlar hozirgi siyosatimizga, xalqimizga xiyonat qilyapsizlar. Qanday achchiq bo‘lsayam, baho mana shunday.

Urush paytidagi vaziyat hozir! Urushda faqat xalqning tinchligi, xalqning osoyishtaligi, xalqning sog‘ligini o‘ylashimiz kerak. Eng asosiysi, birinchi rahbarlar tushunishni xohlamayapti. Ular o‘zlarining hududlaridagi tibbiyot muassasalariga biron marta kirmasdan, ular bilan uchrashmasdan, real vaziyatni o‘rganmagan va ko‘rmagan, desak adolatdan bo‘ladi.

Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallikni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash uchun mas'uliyatni umuman his qilmagansizlar. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti o‘zgartirilmagan.

Shifokorlar tomonidan bemorlarga nisbatan befarqlik va sovuqqonlik holatlariga ham yo‘l qo‘yilmoqda», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev respublika bo‘yicha jami kasallarning 40 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotganini ta'kidladi.

«Agar tumanning hokimi, shaharning hokimi, agar bu yerda sadoqatli odamlar o‘tirganida, siyosatga xayrixoh odamlar o‘tirganida, Toshkentda shunday sharmandalik mumkinmidi? Toshkentda iloji bor-ku hamma narsaning?» — dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev bugundan boshlab pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini butunlay o‘zgartirish zarurligini aytdi.

«Bu ishga respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari, boshqa davolash maskanlari, tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining malakali kadrlarini ham jalb etish choralari ko‘rilsin. Hammani jalb qilasizlar», – dedi prezident.

Yig‘ilishda koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy o‘zgarishlariga tayyor turishni ta'minlamagani, bu kasallik bilan pastga tushib mukammal shug‘ullanmagani uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan berildi.

Mavzuga oid