Kun.uz aholi murojaati asosida masalani joyiga borib o‘rgandi. Ma'lum bo‘lishicha, uylar hududdagi fermer xo‘jalik ekin yerlariga tutash bo‘lgan maydonda qurilgan. Atrofda drenaj zovur yo‘qligi bois, yer osti suvlari ko‘tarilgan. Bu holat esa namunali uylarda yashovchilar uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.

«Bu uylarda yashashning iloji yo‘q. Uyimiz bo‘la turib, 800 ming so‘mga shaharda ijarada turibmiz. Chunki uyimizning ichidan suv chiqadi. Har oy kanalizatsiyasidan suv oldiramiz. Bu muammo bo‘yicha bir necha marta tuman va viloyat hokimligiga murojaat qildik. Hokimiyatdagilar aybni «Qishloqqurilishinvest»ga to‘nkashadi. «Qishloqqurilishinvest»ga borsak, ular «hokimiyat qayerdan yer bergan bo‘lsa, o‘sha yerga qurganmiz», deyishadi.

Hech kim eshitishni istamaydi. Fermer yerining sho‘rini yuvdi yoki ekinlarini sug‘ordi, deguncha uyimizdan suv chiqib ketadi. Bu uyga yetish uchun necha yil orzu-havas qilgandik», — deydi fuqaro Zarifa Rajabova.

Ma'lum bo‘lishicha, odamlar har oyda 70-80 ming so‘m to‘lab, kanalizatsiya quduqlariga yig‘ilib qolgan suvni torttirishga majbur bo‘lmoqda. Qolaversa, yuzaga chiqayotgan sho‘r uylarning sifatiga jiddiy ta'sir qilyapti. Poydevorlar nurab, devorlarning fasad qismi to‘kilib bormoqda.

Shuningdek, fuqarolarning ta'kidlashicha, avvaliga massiv loyihasida bolalar maydonchasi ham nazarda tutilgan. Bu uchun alohida maydon ham ajratilgan. Biroq, negadir keyinchalik bolalar maydonchasi qurilmagan. Ajratilgan maydon esa yantoqzorga aylangan.


«Bolalar ko‘chada, yo‘l ustida o‘ynashadi. Hokimlikka o‘yingoh masalasini ham ko‘p bor aytdik. «Ariza bilan murojaat qilinglar», deyishdi, arizalar yozdik. Lekin masalamiz hal bo‘lmadi. Otangga bor, onangga bor, qabilida munosabat qilishadi. Hech qanday natija yo‘q», — deydi Madina Tosheva.
















