O‘zbekiston | 15:56 / 03.02.2022
27095
3 daqiqa o‘qiladi

Endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi - vazir o‘rinbosari

“Faqat yetarli bilim va malakaga ega haydovchilarga guvohnoma berilishi boshlangach, yo‘llarimizda ham haydovchilik madaniyati oshadi, YTHlar kamayadi. Biz bundan boshqasiga rozi emasmiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz”, – dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev.

Bekmurod Abdullayev / Foto: Kun.uz

Bugun, 3 fevral kuni haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangihayot tumanida joylashgan mazkur imtihon markazi – haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha imtihon o‘tkaziladigan O‘zbekistondagi ilk avtomatlashtirilgan imtihon kompleksi hisoblanadi.

Tadbirda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev so‘zga chiqib, yangi tizimning imkoniyatlari va kutilayotgan natijalar haqida gapirdi.

“Bu kabi markazlarda imtihonlar to‘liq inson omilidan xoli tarzda, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali qabul qilinadi. Bu esa haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishi jarayonidagi korrupsion holatlarga chek qo‘yadi.

Endi tasavvur qiling, agar imtihon tizimi shaffof va adolatli bo‘lsa, faqat o‘qigan va yetarli malakaga ega fuqarolargina haydovchilik guvohnomasini olsa-yu, qolganlar yoppasiga imtihondan yiqilishni boshlasa, bu bizga nima beradi?

Birinchidan, bu teskari zanjir reaksiyasini hosil qiladi va avtomaktablarda ta’lim sifati oshishiga olib keladi. Chunki hozir avtomaktablar asosan narxning arzon va qimmatligi bo‘yicha raqobatlashmoqda xolos. Ko‘pchilik fuqarolarni ham, avtomaktablar ma’muriyatini ham ta’lim sifati unchalik o‘ylantirayotgani yo‘q. Lekin endilikda imtihondan pul, tanish-bilish orqali bilan topshirishning imkonini qila olmagach, o‘z-o‘zidan o‘qishga majbur bo‘ladi, mas’uliyatsiz avtomaktablar esa yoki ishini yig‘ishtiradi, yoki vanihoyat sifatli ta’lim berishni boshlaydi.

Ikkinchidan, faqat yetarli bilim va malakaga ega haydovchilarga guvohnoma berilishni boshlagach, yo‘llarimizda ham haydovchilik madaniyati oshadi, yo‘l-transport hodisalari kamayadi. Chunki xohlaymizmi, yo‘qmi, aksariyat noxush holatlar aynan bilimsizlik ortidan yuzaga kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, endi puli yoki tanishi borlar emas, faqat bilimi borlargina rulga o‘tiradi, yo‘lga chiqadi. Biz bundan boshqasiga rozi emasmiz va bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz”, dedi Bekmurod Abdullayev.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 26 yanvarida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qolganiga to‘xtalib, ichki ishlar va adliya vazirlari hamda bosh prokurorga o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish “jinoyati”ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Mavzuga oid