19:10 / 09.02.2020
2
13832

«Pulni oladigan odam yo‘q» - Samarqandda yoppasiga elektr ta'minotidan uzib qo‘yilgan tadbirkorlar sarson bo‘lishmoqda

8 fevral kuni tahririyatimizga Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh tadbirkorlar murojaat qilishdi. Ular elektr ta'minoti uzib qo‘yilgani sabab ishlari to‘xtab qolganini aytishdi. Qizig‘i, tadbirkorlar kelganda Kun.uz’ning Samarqanddagi muxbirlik bo‘linmasida ham chiroq o‘chgandi. Vaziyat nimada ekanini bilish uchun Samarqand shahar «Energosotish» korxonasiga borib, tumonat odamni ko‘rgach vaziyat jiddiy ekanini sezdik.

U yerda bitta kassa ishlar va odamlar pul to‘lash uchun o‘sha kassa oldida navbat kutardi. Biz bilan suhbatda tadbirkorlar shunday deyishdi: «Yangi ASKUE tizimiga o‘tilgach, doim to‘lovlarni oldindan qilib turdik, lekin baribir elektrni uzib qo‘yishyapti. Axir bugun shanba, bank ishlamaydi, qanday qilib to‘lov qilaylik? Pulni oladigan odam yo‘q».

Ba'zi tadbirkorlarning aytishicha, oldindan to‘lov qilganiga qaramay, elektr ta'minotidan uzib qo‘yilgan. Ularning da'vosiga ko‘ra, depozitda (ya'ni zaxirada) turgan kilovatt kamaygani uchun ham chiroq o‘chirilgan, vaholanki tadbirkor zaxirada kilovatti bo‘lishi bilan birga oldindan to‘lov ham qilib qo‘ygan. Bizga ma'lumot berishlaricha, bir kunda 2400 nafar yuridik tashkilot qarzdorlik sabab, MIB tomonidan elektr ta'minotidan uzilgan (jumladan, bizning ofisda ham chiroq qarzdorlik sabab o‘chgani ma'lum bo‘ldi).

Tadbirkorlarning muammo bo‘yicha fikrlarini eshitgach, kassada odam kamroq bo‘ladi, degan tusmol bilan MIBga bordik, ammo u yerda faqat jismoniy shaxslar uchun to‘lov qabul qilinarkan. Ya'ni, MIB kassasidagi dastur 7 raqamli hisoblagichlarga moslashgan, yuridik tashkilotlarning hisob raqamlari esa 6 raqamli.

Yuridik tashkilotga ro‘yxatdan o‘tgan hisoblagichga na Click, na Paynet va na bank orqali pul tashlab bo‘lmaydi (har holda biz borganda birorta bankdan pul to‘lab bo‘lmadi). Faqat «elektroset» kassasida navbatda turib pul to‘lashingiz kerak. Masalan, jismoniy shaxsga ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamiga Click, Paynet, bank, bankomat orqali, xullas har qanaqasiga pul to‘lay olasiz. Darvoqe, oxirgi vaqtlarda jismoniy shaxslarga ro‘yxatdan o‘tgan hisob raqamini Click orqali tekshirib bo‘lmayapti. Xullas bu borada texnik muammolar odamlarning juda ko‘p vaqtini olmoqda.

Turib-turib o‘ylab qolasan kishi, nahotki o‘tgan yillar mobaynida gaz va elektr uchun tuzuk to‘lov sistemasi ishlab chiqolmagan bo‘lsak. Axir xuddi mobil aloqadagi kabi tizim yaratish shunchalik qiyinmi? Pul to‘laysan — gaz bor, elektr bor, po‘l to‘lamaysan — hech narsa yo‘q, oddiy arifmetika. Telefonning puli tugasa, pul tashlaysiz va o‘sha zahotiyoq yana aloqadasiz, ammo elektr uchun hisob raqamingizda pul tugasa, bu katta boshog‘riq: «elektroset»ga bor, navbatda tur, pul to‘la, to‘lovni aktivlashtir, undan ham keyin chiroq yonishini bir kun kut!

Samarqand shahar «Eyenergosotish» xodimlari to‘lov tizimini soddalashtirish ularning ham ishini kamaytirishini aytdi. Kassadagi uzundan-uzun navbat ishchilarga ham yoqmasligi aniq. Biz borgan kuni bitta kassirning tobi qochib kasalxonaga tushib qolganini aytishdi. Axir u yerga hamma alam bilan boradi, 10 kishidan biri aniq kassirga qo‘pollik qiladi, bu esa qo‘shimcha asabbuzarlikni keltirib chiqaradi.

15-20 yil avval Hollivud kinolaridagi qahramonlar yotgan joyidan telefon orqali kommunal xizmatlar uchun pul to‘layotganini ko‘rardik, afsuski, texnika asrining 20-yilida ham biz o‘shanday tizimga yetib kela olmayapmiz...

O‘tkir JALOLXONOV,

Kun.uz muxbiri

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top