O‘zbekiston | 17:10 / 24.05.2019
26475
3 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasi e'lon qilinganini ma'lum qildi

Foto: Facebook/Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning Facebook’dagi sahifasida xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

“Avval xabar qilganimdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligimizda davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan zarur takliflar hamda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan.

Bugunga kelib muayyan natijalarga erishildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchiman.

Ushbu hujjat avval tilga olingan ko‘plab muammolarni hal qilish, ya'ni matbuot xizmatlarini davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi haqiqiy ishonchli ko‘prikka aylantirish, ularning mamlakatimiz axborot makonida samarali faoliyatini ta'minlash, matbuot kotibi mavqeini oshirish, ushbu xizmatlar kadrlar salohiyati va moddiy-texnika ta'minotini kuchaytirish va hokazolarga qaratilgan.

Mazkur qaror loyihasi bo‘yicha davlat tomonidan sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni ham mamlakatimiz, ham xorijda yanada samarali yoritilishi maqsadida davlat tuzilmalari matbuot xizmatlari ishini yaxshilash imkonini beradigan har qanday taklif va fikrlaringizni bildirsangiz mamnun bo‘lamiz. Shuni ishontirib aytamanki, ularning barchasi hujjat loyihasini takomillashtirish jarayonida o‘rganiladi va e'tiborga olinadi. Tavsiya va takliflaringiz uchun avvaldan minnatdorlik bildiraman”, - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Qaror loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Mavzuga oid